Соғлом оила - соғлом келажак

Erektil disfunksiya – jinsiy qo‘zg‘alishning sustligi

Erkaklardagi jinsiy ojizlik deganda ereksiya (jinsiy qo‘zg‘alish)ning sust yoki umuman bo‘lmasligi tushuniladi. Uni keltirib chiqaruvchi sabablarni shifokorlar 2 katta guruhga bo‘lishadi: jismoniy (fiziologik) va psixologik.

Erektil disfunksiya - jinsiy qo‘zg‘alishning sustligi

Fiziologik sabablar: qon-tomir xastaliklari, endokrin tizimning buzilishi, urologik muammolar (peshob yo‘llaridagi yallig‘lanish), ba’zi somatik kasalliklar (masalan, qandli diabet) tufayli asosan 40 yoshdan oshgan erkaklarda jinsiy ojizlik — erektil disfunksiya kelib chiqishi mumkin. Shu bilan birga, u uzoq davom etgan psixologik va asabiy noqulay sharoitlarda, spirtli ichimliklar iste’moli va chekish oqibatida ham orttiriladi. O‘rta yoshdagi erkaklarning uzoq vaqt jinsiy muomalada bo‘lmasliklari ham ba’zan disfunksiyani vaqtincha keltirib chiqarishi mumkin.

Erektil disfunksiya nima uchun yosh yigitlarda ham uchrayapti?

Oxirgi yillarda jinsiy ojizlik nafaqat o‘rta yoshdagi erkaklarga, balki 20–25 yoshdagi yigitlarga ham xavf solmoqda. Erektil disfunksiyaning “yoshargani” haqida shifokorlar avvallari bong urgan bo‘lsa, bugun u shunchaki fakt sifatida keltiriladi, xolos. Ammo bunda tashvishga uncha katta asos yo‘q: yoshlarda jinsiy ojizlik ko‘pincha psixologik omillar sabab yuzaga keladi. Doimiy stressli vaziyatlarda ishlash, kam uxlash, charchoq, depressiya, qo‘rquv va hayajon, tajribasizlik, kamharakatlilik, kompyuter texnologiyalariga mukkasidan ketgan holda ko‘p o‘tirish natijasida qon aylanishining buzilishi sabab yoshlarda jinsiy yaqinlik payti ojizlik sezilishi mumkin.

Biroq yigitlarda ham yuqorida ko‘rsatilgan kasalliklar bilan birga, umurtqa va tos sohasidagi bo‘g‘imlarga yetkazilgan jarohatlar tufayli ham erektil disfunksiya erta rivojlanishi ehtimoldan holi emas. Ba’zan jinsiy ojizlik yosh yigitlarda turmush tarzi bilan bog‘liq sabablar tufayli kelib chiqishi ham mumkin. Uzoq vaqt jinsiy yaqinlikdan saqlanish, jinsiy hayotni kech boshlash yoki bu borada o‘ta faol bo‘lish, ayrim dori vositalarini qabul qilish, oziqlantiruvchi moddalarning yetishmovchiligi, ayrim sport turlari bilan shug‘ullanuvchi yoshlarning gormonal vositalarni qabul qilishi shular jumlasidandir.

ЎҚИНГ:   Jinsiy olatga protez implantatsiyasi

Qachon kimga murojaat qilish zarur?

Jinsiy qo‘zg‘alish avvalgidek ro‘y bermasligi doimiy ravishda qaytalanaversa, zudlik bilan androlog mutaxassisga murojaat qilish kerak. Shuningdek, jinsiy a’zolardagi deformatsiyalar (shakliy buzilishlar), uzoq vaqt jinsiy yaqinlikni xohlamaslik, ereksiya (jinsiy qo‘zg‘alish) vaqtida og‘riq his qilish, ovozning o‘zgarishi ham shifokor qabuliga yozilishingiz uchun jiddiy asos borligini ko‘rsatadi. Bunday mutaxassislarni har bir tuman, viloyat va shahar mahalliy poliklinikalarida, ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari, shuningdek, xususiy klinikalardan ham topish mumkin.

Disfunksiya qanday davolanadi?

Avvalo jinsiy ojizlik kasalliklar tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, ularni bartaraf etish lozim. O‘z o‘rnida gormonal holatingizni ham albatta tekshirtiring. Mabodo disfunksiyaning kelib chiqishiga psixologik omillar ta’sir qilgan bo‘lsa, ruhshunosga murojaat qilishni unutmang.

Erektil disfunksiyani davolashda jinsiy maylni kuchaytiruvchi dori-darmonlar buyurilishi mumkin. Bundan tashqari, jinsiy a’zo tomirlarini kengaytirish maqsadida vazoaktiv moddalardan ham foydalaniladi.

Disfunksiyani davolashning vakuum-erektor terapiyasi qo‘llanganda, jinsiy a’zoni qon bilan ta’minlovchi moslamadan foydalaniladi.

Bu kabi usullar foyda bermaganda, disfunksiyani davolashning jarrohlik usuliga qo‘l uriladi. U jinsiy qo‘zg‘alishga erishish uchun protezlash usulini anglatadi. Shunday ekan, disfunksiyani davolash choralari mavjud va qancha erta murojaat qilinsa, shuncha tez davolash mumkin.

Normal jinsiy quvvatga ega bo‘lish uchun ovqatlanishga ham jiddiy e’tibor qaratish lozim. Tarkibida yog‘ moddasi kam bo‘lgan, ko‘proq vitaminli mahsulotlarni iste’mol qilish kerak.

Sog‘lom turmush tarzi, sport, tartibli jinsiy hayotni kechirishdan tashqari, jismoniy mashqlarni bajarish ham jinsiy quvvatni kuchaytirishga xizmat qiladi. Ereksiya uchun qo‘llarni oldinga cho‘zgan holda o‘tirib-turish mashqi eng yaxshi mashq sifatida tan olingan. 1 kunda 50-100 marta shu mashq bajarilsa, kichik tos sohasini qon bilan ta’minlanishi kuchayadi. Bundan tashqari, piyoda yurish, velosipedda uchish ham samarali.

Baxtiyor GULMUHAMMЕDOV, Tibbiyot fanlari doktori, oliy toifali shifokor-urolog-androlog.

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Аъзо бўлиш

Бош саҳифа » Andrologiya » Erektil disfunksiya – jinsiy qo‘zg‘alishning sustligi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.