Соғлом оила - соғлом келажак

Egizak farzand ko‘rish borasida foydali ma’lumotlar

Bolaligimdan egizak farzandi bor ayollarga havas bilan qarardim. O‘zimcha o‘sha vaqtlarda men ham ular kabi bir-biriga quyib qo‘ygandek o‘xshash bolachalarning onasi bo‘laman deb, orzu qilganman. Vaqt o‘tib, homiladorlik va ona bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lganimdan so‘ng, bu qanchalar mashaqqatli ekanini tushungandek bo‘ldim… Lekin baribir, bolalikdagi orzu meni butunlay tark etkanicha yo‘q! Menimcha, ikki karra baxtga erishish uchun nimalar qilish lozimligi bir meni emas, ko‘pchilik ayollarni qiziqtirishi shubhasiz.

 Photo: Twinstuff.com

Egizaklar tug‘ilishi favqulodda hodisa!

Bu haqiqattan ham kam ro‘y beradigan hodisa sanaladi. Hamma yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 2 %inigina egizaklar tashkil etadi. Hamma egizaklarning 2 %iga esa bir vaqtning o‘zida tug‘ilgan uch egizaklar to‘g‘ri keladi. Barchaning havasi keladigan holat: egizak go‘daklarni bir xil kiyintirib, olib yurish baxtiga musharraf bo‘lishdan avval qiyin yo‘lni bosib o‘tishga to‘g‘ri keladi…

Egizaklar qanday vujudga keladi?

Egizaklar ikki turga ajratiladi. Dizigotali (bir-biriga o‘xshamaydigan yoki ikki jinsli) egizaklar urug‘langan ikki tuxumdan rivojlanadi. Bir hayz siklida yetilgan ikki tuxum hujayra bir vaqtning o‘zida urug‘lanmasligi mumkin, ba’zida bir necha soatdan bir necha kungacha farq kuzatiladi. Ikki tuxumli egizaklar genetik jihatdan bir-biriga oddiy aka-ukalardek o‘xshash bo‘ladi, xolos.

Monozigotali (bir jinsli va bir-biriga qo‘yib qo‘ygandek o‘xshash) egizaklar bitta tuxum hujayra va bir urug‘ hujayraning birikishidan yuzaga keladi. Tibbiyot ilmiga hanuzgacha ma’lum bo‘lmagan biokimyoviy hodisalarga ko‘ra, bir hujayra ikkiga bo‘linib, juft embrion rivojlana boshlaydi. Ona qornidagi muhit, DNK mutatsiyalari va boshqa bir qancha omillarning ta’siri natijasida egizaklar bir-biridan biroz farqlanishi ham mumkin, lekin bu sezilarli darajada bo‘lmaydi. Monozigotali egizaklar dizigotalilarga qaraganda 5 marotaba kamroq tug‘iladi. Hamda ularning aksariyati o‘g‘il bolalar bo‘ladi.

Egizaklarni rejalashtirish mumkinmi?

Bo‘lajak ota-onalar o‘z istagiga ko‘ra egizaklar bilan homilador bo‘lish jarayoniga aralasha olmaydi. Chunki ikki hujayra birikishining o‘zidayoq tug‘ilajak bolaning jinsi, bitta yoki ikkita bo‘lishi hamda tashqi ko‘rinishi haqidagi ma’lumotlar yuzaga keladi. Biroq ayrim tashqi omillar dizigotali egizaklar tug‘ilishiga sabab bo‘lishi mumkin, biroq bu hodisaning monozigotalilarga ta’siri yo‘q.

Ayolning yoshi

35-39 yoshga kelib, ayol organizmida egizaklarga homilador bo‘lish imkoniyati ortadi. Chunki bu davrda tuxum hujayralarini yetilishini rag‘batlantiradigan gormon miqdori oshgan bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida urug‘lanishga tayyor tuxum hujayralar yetilishi holatlari ko‘p kuzatiladi. Bu gormon miqdori ayniqsa bahor faslida oshgani uchun yilning bu uch oyligida egizaklar bilan homilador bo‘lganlar soni ko‘payadi.

Nasl

Agar qarindoshlaringizda egizak farzandlar bo‘lsa, sizda ham egizak ko‘rish imkoniyati bo‘lishi mumkin. Biroq egizak tug‘ishga bo‘lgan moyillik onadan-qizga o‘tishini inobatga olsak, buvi, ona, xolalar egizak farzand ko‘rgan bo‘lsa, demak siz ham bu baxtga erisha olasiz.

Qisqa hayz sikli

20-21 kunlik hayz sikliga ega ayollarda bir davrning o‘zida bir qancha tuxum hujayralar yetiladi. Bundan tashqari bachadonda tabiiy nuqson (ikki shoxli bachadon, bachadon bo‘shlig‘ida to‘siq) larning mavjudligi ham egizaklar tug‘ilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Davolanish va sun’iy urug‘lantirish

So‘ngi vaqtlarda bepushtlik hamda ayrim ginekologik kasalliklarni davolashda tuxum hujayrasi rivojlanishi va ovulyatsiya jarayoniga ta’sir qiluvchi gormonal dorilardan foydalanish ommalashdi. Uzoq yillar davomida bepushtlikdan aziyat chekkan juftliklar davolangach, bir yo‘la egizaklarning ota-onasiga aylanishi ham ko‘p kuzatilgan. Shuningdek, EKU (ekstrakoporal urug‘lantirish) usulidan keng foydalanish natijasida egizaklar tug‘ilishi noyob hodisalar qatoridan chiqa boshladi.

Ijtimoiy omil

Sababi to‘liq o‘rganilmagan bo‘lsa-da, statistik ma’lumotlarga ko‘ra jahonda notinch va ijtimoiy o‘zgarishlar ro‘y bergan davrlarda egizaklarning ko‘p tug‘ilishi kuzatilgan.

Bitta, ikki yoki uchtami?

Bundan 20-25 yil ilgari homilaning egizak ekanligi 20-haftadan so‘ng yoki tug‘ruq jarayonida ma’lum bo‘lardi. Hozir esa bu ishni homila 5 haftalik bo‘lganida ham aniqlash imkoni mavjud.

Ko‘p homilali homiladorlikning belgilari qanday?

  • Oddiy homiladorlikka nisbatan bachadon tez kattalashib boradi;
  • Bachadon hajmi homiladorlik muddatiga to‘g‘ri kelmaydi;
  • Akusher tekshiruvida bachadon bo‘shlig‘ida uchta yoki undan ko‘proq tana a’zolarining (ikkita bosh va bitta tos suyagi yoki ikkita tos suyagi vabitta bosh) sezilib turadi;
  • Bachadonnning ikki tomonida yurak yurishi aniq eshitiladi;
  • 5 haftalik homilaning UTT tekshiruvi o‘tkazilganida bachadon bo‘shlig‘ida ikkita urug‘langan tuxum hujayrasi aniqlanadi;
  • Malakali mutaxassis 14 haftalik homilaning bir urug‘li yoki ikki urug‘li ekanligini tuxum hujayraning qobig‘iga qarab, bemalol aytib bera oladi.

Ikki karra baxtning bahosi

Bo‘lajak onada ko‘p homilali homiladorlik aniqlansa, u homiladorlarning xavfli guruhiga kiritiladi. Chunki bunday homiladorlikda ona va bolaning sog‘lig‘iga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy muammolarning yuzaga kelish xavfi bir necha barobar oshadi. Muammolarsiz kechayotgan ko‘p homilali homiladorlikda ham bo‘lajak ona charchoq, ikkinchi uch oylikda nafas yetishmovchiligi, yurak tez urishini his qilishi mumkin. Chunki bu vaqtda bachadon oddiy homiladorlikka nisbatan 3-4 barobar kattalashib, yurak va o‘pka joylashgan diafragmaga bosim beradi. Shuningdek,

  • Erta boshqorong‘ulik;
  • Arterial qon bosimning oshishi;
  • Vena qon tomirlarining varikoz kengayishi;
  • Qorin va son qismidagi terining cho‘zilishishi;
  • Shishlar;
  • Peshobda oqsilning ajralishi;
  • Gemoglobin pasayishi;
  • Bola tushish xavfi kabilar kuzatiladi.

Egizaklar o‘zi tug‘iladimi yoki…

Bu masalaga homilador ayolning xohishi va shifokori ko‘rsatmasiga ko‘ra yechim topiladi. Shuning uchun oldindan bir qaror qabul qilmaslik tavsiya etiladi. Hamda homiladorlikning so‘nggi uch oyligida muntazam shifokor ko‘rigida bo‘lish lozim.

Manba: “Sug‘diyona” gazetasi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.