Соғлом оила - соғлом келажак

Bolani bepushtlik dardidan asrang

O‘g‘il bolalarning jinsiy a’zolaridagi ba’zi xastaliklarni ota-onalar goho sezmasligi, shifokorga murojaat etmasligi mumkin. Aksariyat hollarda vaqt boy berilib, kasallik rivojlanishda davom etadi. Oqibati esa ma’lum: oila qurilgach, bepushtlikdan aziyat chekiladi.

Orxit

Masalan, orxitni olaylik. Bolalikda orttirilgan dardlardan biri bo‘lib, u ko‘pincha, o‘g‘il bola yiqilganida yoki biror joyga urilib, jinsiy a’zolari lat yegach, kelib chiqadi. Qattiq jarohatlanish tufayli moyak ezilishi mumkin. Orxit xastaligida moyakning bir tomoni qizarib og‘riydi, shishadi, bolaning tana harorati ko‘tariladi. Moyak yorilganida bir tomoni shishib, ko‘kimtir tusga kiradi, og‘riq tobora zo‘rayaveradi.

Orxitning infeksion turi, ko‘pincha, tepkidan so‘ng paydo bo‘ladi. Moyak kattalashadi, teri ostiga suv yig‘ilib, qichishadi. Ba’zan suv yig‘ilgan pufaklar yoriladi, lekin moyakni bosib ko‘targanda og‘rimaydi. Bu vaqtda bemorga dori-darmon berilsa, u sog‘ayib ketadi.

Moyakning o‘z ildiziga o‘ralib qolishi

Moyakning o‘z ildiziga o‘ralib qolishi ham bolalarda ko‘p kuzatiladi. Ba’zan qattiq sakrash yoki qaltis harakat oqibatida moyak o‘z ildizi atrofida o‘ralib, kattalashadi, chov sohasi qattiq og‘riydi. Vena tomirlarining siqilishi tufayli bu joyda modda almashinuvi buziladi.

Ektopiya

Ektopiya moyaklarning joyiga tushmay, boshqa a’zolarga o‘tib ketishidir. Bunda moyak, ko‘pincha, qovuq, bel yoki chov sohasiga, ayrim vaqtlarda olat tagiga tushib qoladi. Bola darhol shifokorga olib borilsa, u go‘dakka ozor bermay turib, moyakni o‘z joyiga – yorg‘oqqa tushirib qo‘yadi. Bordi-yu, ota-ona bu holga beparvo bo‘lsa, “adashib” qolgan moyak rivojlanmay, asta-sekin o‘smaga aylanib ketadi.

A’zoning chala o‘sishi

A’zoning chala o‘sishi gormonlarga bog‘liq holda kechib, bunda bolaning tashqi jinsiy a’zolari rivojlanishdan to‘xtaydi va o‘smay qoladi. Bemorning qorni va bel sohasiga yog‘ to‘planadi, ko‘krak bezlari o‘sib, ovozi noziklashadi, qiliqlari qizlarnikiga o‘xshab boraveradi. Bunday paytda bemor bola shifokorlar nazoratida bo‘lsa, tegishli muolajalardan keyin nuqsonlar yo‘qoladi.

Varikotsele

Varikotsele (urug‘ tizimchasi venasining kengayishi va uzayishi) o‘smirlarda uchrab, qaltis harakat yoki muntazam jismoniy zo‘riqish ham bu kasallikka turtki bo‘lishi mumkin.

Kriptorxizm

Kriptorxizm (moyaklarning o‘z o‘rnida bo‘lmasligi bilan kechadigan tug‘ma xastalik) bola ona qornida ekanidayoq kuzatiladi.

Aziz ota-onalar, shu singari dardlar paydo bo‘lganini sezishingiz bilanoq, bolani urolog-androlog shifokorga ko‘rsating va o‘g‘lingiz xastalik rivojlanmasidan burun muolajalarni olsin. Aks holda yuqorida ta’kidlanganlarning har biri jiddiy holat hisoblanib, o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, bora-bora bepushtlikni keltirib chiqaradi. Zero, bolani kichikligidanoq asrab avaylash lozim. Uni yiqilish, lat yeyish hamda turli yuqumli xastaliklardan ehtiyotlang. Shunda sog‘-omon va durkun bo‘lib ulg‘ayadi.

Shavkat Usmonov. Urolog-androlog.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.