Assalomu alaykum! Meni o‘ylantirayotgan narsa shuki, moyaklarimdan bittasi hanuz yorg‘oqning ichiga tushmagan. Yoshim 25 da, yaqinda uylanish arafasidaman. 20 yoshimda shifokor ko‘rigida menga “Bir tomonlama kriptorxizm” tashhisi qo‘yilib, hech narsadan xavotirlanmasam ham bo‘lishini tushintirishdi. Internetdagi ma’lumotlardan bu dard 30-40 % hollarda bepushtlikka olib kelishini o‘qib bilib oldim. Men qanday yo‘l tutishim kerak?
Avvalo, moyakning bir tomonlama yorg‘oq ichiga tushmaganligi faqatgina kriptorxizm kasalligigagina xos emas. Misol uchun, anorxizm dardida bir moyakning tug‘ma butunlay bo‘lmasligi kuzatilsada, sihatga va pushtdorlikka aslo putur yetmaydi.
Bir yoqlama kriptorxizmning go‘yoki 40% hollarda bepushtlikka olib kelishligi ilmiy asoslangan emas, aksincha, noxolis bo‘rttirilgan. Aksariyat hollarda, bir yoqlama kriptorxizm kasalligi tufayli moyakning biri o‘z o‘rnida bo‘lmasa, ikkinchi moyak beixtiyor faoliyatini kuchaytirib, uning ham funksiyasini o‘z zimmasiga olishi kuzatiladi. Biryoqlama kriptorxizmning bepushtlik bilan asoratlanishi ko‘p uchraydigan holat emas.
Ammo uni 25 yoshga kelib davolashga unnashlik yoxud jarrohlik operatsiyasi qildirishlik hech ham naf bermaydi. Zero, ayrim “biznesmen shifokorlar”ning operatsiya qilishga asossiz undashlaridan maqsad, ularning o‘z manfaatlariga muvofiq keladi. Chunki, kriptorxizm bo‘yicha qilinadigan jarrohlik muolajalari uzog‘i bilan 6-8 yoshgacha qilinishi shart.
Bir moyak bilan “saksonboy-to‘qsonboy”larning otalari bo‘lib yashaganlar qanchadan-qancha. Yaqinda uylanar ekansiz, ko‘ngil taskini uchun hozirgi kunda har qanday tuman poliklinikalarida ham yo‘lga qo‘yilgan nikoh oldi tibbiy ko‘rigidan o‘tib, shahvat suyuqligini laborator tekshirtirsangiz. Hozirgi kunda spermogramma analizi hattoki ba’zi qishloq poliklinikalari laboratoriyalarida ham imkon qadar yo‘lga qo‘yilgan. Bu aslo uyaladigan dard emas.
Manba: Tib.uz