Соғлом оила - соғлом келажак

Bepushtlik tashxisi qachon qo‘yiladi?

Bir yil davomida er-xotinning hech qanday kontratseptiv vositalarsiz muntazam jinsiy hayot olib borishidan farzand tug‘ilmasa, “bepushtlik” tashxisi qo‘yiladi. Ayol oilaviy turmushi davomida umuman homiladorlikka erishmagan bo‘lsa, unga birlamchi, agar homiladorlik tug‘ruq, abort, bola tushishibachadondan tashqari homiladorlikdan keyin yuzaga kelgan bo‘lsa, ikkilamchi bepushtlik deyiladi. Birlamchi va ikkilamchi bepushtlik erkaklarga ham tegishlidir. Bundan tashqari, bepushtlik juftlikning o‘zaro mos emasligiga shartlangan kombinatsiyalashgan, endometrioz hamda noaniq (tushunarsiz) yoki idiopatik turlarga bo‘linadi. Ammo mutlaq bepushtlik tabiatda nihoyatda kam uchraydi.

Yosh oilalarda bepushtlik ko‘p kuzatilishining turmush tarziga oid, psixologik, estetik omillari mavjud. Hozirgi paytda xorijga chiqish-kelish osonlashgani, ilgari yopiq bo‘lgan ba’zi mavzularning ochiqchasiga behayo talqin qilinishi, turli filmlar, asarlar ta’sirida yoshlarning nikohgacha jinsiy hayot bilan yashashlari bepushtlik darajasi ortishiga olib kelayapti.

Ayollarda…

Ayollarda, o‘z navbatida, kelib chiqish sabablariga ko‘ra nay, nay-peritoneal, endokrin va endometrioz bilan bog‘liq bepushtliklar ajratiladi.

Davriy gormonal o‘zgarishlar natijasida tuxumdonlarda 1 dona (juda kam hollarda ikki yoki uch-to‘rtta) follikula yetiladi. Taxminan siklning o‘rtasida, ya’ni o‘n to‘rtinchi kuni follikula yorilib, suyuqlik bilan tuxum hujayra ajraladi. Follikula me’yorda 21-23 mmbo‘lganda yoriladi. U bachadon nayiga tushgach, spermatozoid bilan uchrashib, urug‘lanadi (zigota hosil bo‘ladi).

Urug‘langan tuxum hujayra bachadon nayi orqali bachadonga keladi va u yerda rivojlanishi uchun qulay sharoit bo‘lsa, bachadon devoriga o‘rnashib, homila sifatida rivojlanishni boshlaydi. Demak, homila paydo bo‘lishi uchun ayol organizmidagi quyidagi jarayonlar normal kechishi kerak:

  • Tuxumdon follikulasining yetilishi va yorilishi (ovulyatsiya);
  • Tuxum hujayraning bachadon nayi bo‘ylab bachadonga tushishi va to‘siqlarsiz o‘tishi;
  • Bachadonning urug‘lantirilgan tuxum hujayrani qabul qilishga tayyorligi va uning rivojlanishini ta’minlashi.

Organizmning gormonal mexanizmi normal kechmas ekan, follikula o‘z vaqtida yetilmaydi, yorilmaydi, bachadon yo‘li, bachadonga tushmaydi, o‘z-o‘zidan homiladorlik yuzaga kelmaydi. Bu ayolda “bepushtlikning endokrin turi” tashxisini qo‘yish uchun asos bo‘ladi.

Bachadon nayining berkilishi yoki umuman bo‘lmasligi “bepushtlikning nay shakli” deyiladi. Agar bachadon nayining o‘zi o‘tkazuvchan bo‘lib, tuxumdon va nay o‘rtasida bitishuv bo‘lsa, bu bepushtlikning peritoneal turidan darak beradi. Odatda bitishuvli jarayon bachadon nayini ham qamrab olgani uchun nay va tuxumdon faoliyati buzilgan ayolga “bepushtlikning nay-peritoneal turi” tashxisi qo‘yiladi.

Bachadon nayi ichini qoplagan kiprikchalar tuxum hujayraning nay bo‘ylab harakatlanishini ta’minlaydi. Agar shu kiprikchalar qurib qolsa ham anatomik o‘tkazuvchan nay faoliyati to‘liq bo‘lmay, bu ham bepushtlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Bachadonning tug‘ma yoki orttirilgan nuqsonlari natijasida “bepushtlikning bachadon shakli” yuzaga keladi. Bachadonning tug‘ma nuqsonlariga bachadon yo‘qligi yoki yaxshi rivojlanmagani, 2 marta kattalashishi, egarsimon bachadon, bachadon bo‘shlig‘ida turli to‘siqlar bo‘lishi va boshqalar kiradi. Orttirilgan nuqsonlar esa ko‘p hollarda bachadon ichi aralashuvlari natijasida kelib chiqadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Ayollarda bepushtlik: sabab va yechimlar

Erkaklarda…

Oilaning befarzandligida “erkak omili” ayolning homila ko‘tarish bo‘yicha barcha ko‘rsatkichlari ijobiy bo‘lib, erkak shahvatining urug‘lantiruvchi xususiyati keskin pasayishini nazarda tutadi. Bunda shahvatning turli patologiyalari, jumladan, aneyakulyatsiya (shahvat yo‘qligi), oligozoospermiya (shahvat miqdori ozligi), azoospermiya (eyakulyatda spermatozoidlar bo‘lmasligi), gormonal buzilishlar, urug‘ chiqaruvchi yo‘llardan spermatozoid o‘tishi qiyinlashuvi bilan bog‘liq turli o‘zgarishlar, tanosil a’zolarining surunkali shamollashi, erkaklar reproduktiv tizimining nostandart qurilishi sabab bo‘lishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Bepushtlik. Ayb faqat ayolda emas!

Bepushtlik tashhisini qo‘yishda qanday tekshiruvlar o‘tkaziladi?

Bepushtlik tashxisi qo‘yilgan holatda, oilani to‘liq o‘rgangandan keyingina uning sababini aniqlash mumkin. Tashxis qanchalik to‘g‘ri qo‘yilsa, bepushtlik shuncha tez va samarali davolanadi. Avvalambor er-xotinda infeksiya mavjudligi (TORCH va boshqalar), gormonal buzilishlar, antibiotiklarga sezuvchanligini tekshirish uchun maxsus tahlillar olinadi. Agar gormonal buzilish holati ma’lum bo‘lsa, yuqorida aytilgan miya faoliyati bilan bog‘liq markazlarni tekshirish uchun boshni MRT, kompyuter tomografiyasi, rentgendan ham o‘tkazish mumkin.

Kichik tos a’zolarining ultratovush tekshiruvi (UTT) apparati orqali bachadon, bachadon naylari, tuxumdonning strukturasi va funksiyalari, ularning qay darajada rivojlangani, mioma, kista bor-yo‘qligi, bachadon bo‘ynining o‘lchami, endometriozni ko‘rish mumkin. Hozir ginekologiyada 2 xil UTT tekshiruvi olib borilayapti: biri old qorin devori orqali bo‘lsa, ikkinchisi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qin orqali tekshiriladi. Hech qanday kasallik chiqmagan bo‘lsa ham, UTT natijalarini yo‘qotmaslik kerak.

Gisterosalpingografiya bachadon va bachadon naylarining holatini rentgen qilishdir. Rentgen qilishdan avval jinsiy yo‘llarda yallig‘lanish jarayonlari bor-yo‘qligini tekshirish kerak, yo‘qsa, bachadon naylarining holati yomonlashishi mumkin. Rentgen qilinganda, bachadon bo‘ynidan maxsus suyuqlik yuborib, ular rentgen apparati orqali bachadon naylari orqali o‘tayotgan yoki yo‘qligi kuzatiladi.

Agar ushbu tekshiruvni vrach siklning ikkinchi yarmida o‘tkazishni buyursa, ungacha homiladorlikdan himoyalanib turgan ma’qul. Chunki rentgen qilingan paytda homila paydo bo‘lgan bo‘lsa (hatto ko‘p yillik bepushtlikdan keyin), rentgendan so‘ng homiladorlik to‘xtashi yoki vrach tavsiyasi bilan to‘xtatilishi mumkin.

Laparoskopiya tekshiruvi orqali ayolning ichki jinsiy a’zolarini ko‘z bilan ko‘rish va ularning ahvoli haqida aniq xulosaga kelish mumkin.

Laparoskopiya qilganda bemorning qorin bo‘shlig‘iga optikaviy maxsus tibbiy uskuna kiritiladi. Tashhislovchi laparoskopiya qilinganda esa birdan-bir maqsad bepushtlikning sababini aniqlash bo‘lgani uchun kindik sohasi yoki undan sal pastroqda kichkinagina kesik qilinadi. Agar laparoskopiyadan muddao xirurgik aralashuv (nay va tuxumdonlarda)dan ham iborat bo‘lsa, qorindan pastda yana ikkita qo‘shimcha kesik amalga oshiriladi.

Kolposkopiya bachadon bo‘ynini mikroskop orqali ko‘rish usuli. Bunda bo‘yinning tomirlari, ularning holati, odam papilloma viruslari, bachadon bo‘yni saratoni xavfi haqida ma’lumot olish mumkin.

Bepushtlikni davolash usullari

Bepushtlik yuqorida aytib o‘tilgan kelib chiqish omillariga ko‘ra medikamentoz (dori-darmonli) va xirurgik yo‘l bilan davolanadi.

Shamollash yoki yallig‘lanish jarayonlari antibiotiklar, fizioterapiya, ultratovush, magnit terapiyasi orqali davolanadi. Infeksiyalar va gormonal o‘zgarishlar ham dori-darmonlar bilan davolanadi.

Bepushtlikdan shifo topishning xirurgik usuliga laparoskopiya kiradi. Operativ laparoskopiya qilinganda, bachadon naylaridagi bitishgan joylari kesilib, ularning o‘tkazuvchanligi tiklanadi. Bachadon va naylar doimiy ravishda qisqarib turishi kerak. Agar unda yuqoridagi aytib o‘tilgan bitishgan joylar (spayka) bo‘ladigan bo‘lsa, u bachadon naylarini harakatlanishga qo‘ymaydi. Natijada naylar qiyshayishi, holatini o‘zgartirishi, nay og‘zi esa hatto tepaga qarab qolishi mumkin. Shuningdek laparoskopiya orqali tuxumdon polikistozi (tuxumdon qobig‘ining qattiq bo‘lishi) aniqlanib, tuxumdon faoliyatini erkinlashtirish uchun uni rezeksiya qilish, ya’ni bir qismini kesib tashlash ham mumkin.

Farzand ko‘rishni tabiiy amalga oshirishni ta’minlaydigan bu ikki usul ham yordam bermasa, sun’iy urug‘lantirish usuliga murojaat qilish mumkin.

Ekspert: Dinara Azizova, Respublika ixtisoslashgan akusherlik va ginekologiya tibbiyot markazi katta ilmiy xodimi.
Manba: «Sug‘diyona» gazetasi.