Соғлом оила - соғлом келажак

Bachadon miomasi va bachadonni olib tashlash haqida savol-javob

bachadonni olib tashlash

22 yoshimda bachadon miomasi borligi sabab, jarrohlik amaliyotini boshdan oʻtkazdim va bir tomondagi tuxumdonim olib tashlandi. Mana, bir yildirki, hayz koʻrmayman. Lekin hayz kelishi mumkin boʻlgan kunlarda qornim va belimda kuchli ogʻriq seziladi.

Shifokorlarga bordim, ular buyurgan dorilarni ichdim, parhez tutdim, ammo foydasi boʻlmadi. Tekshiruvlardan birida ginekolog hayz koʻrmagan ayol qanday qilib farzandli boʻlishi mumkin, degan edi. Biroq keyinchalik hayz koʻrishim mumkinmi yoki yoʻqligi haqida hech kim aniq gap aytmayapti.

Javob: Odatda, mioma oʻsimtasi yoshi katta ayollarda uchraydi. Qizlarda esa bu kamdan-kam holatlarda boʻlishi mumkin. Miomaning bu qadar kichik yoshda oʻsishiga yetarlicha sabablar boʻlgan, albatta. Masalan, oʻsmirlik davrida hayzning ogʻriqli va koʻp qon yoʻqotish bilan kechishi hamda organizmdagi gormonal buzilishlar kasallik rivojlanishiga qulay muhit yaratgan. Gormonal bezlar, xususan, boʻqoq xastaligi tufayli ham mioma paydo boʻladi. Maslahatim, albatta, endokrinolog shifokor koʻrigidan oʻting. Organizmda gormonal disbalans vujudga kelgan boʻlsa, uni darhol davolash lozim.

Tuxumdon juft organ sanalsa-da, u yakka oʻzi qolganida ham faoliyatini bajara olishi koʻp bor isbotlangan. Lekin baʼzida bitta tuxumdon ishlab chiqarayotgan gormon bachadonning butun vazifalarini toʻliq bajarish uchun yetarli boʻlmaydi. Sizda ham shunday. Gormonlar hayz vaqtini belgilayotgani sabab, ogʻriq paydo boʻlyapti. Ammo ular hayz kelishini taʼminlashga ojizlik qilyapti.

Hayz davrini normaga solish uchun endokrinolog shifokor qon tarkibidagi gormonlar miqdorini aniqlaydi hamda ularga qoʻshimcha sunʼiy ravishda organizmga kerakli gormonlar kiritiladi. Ular, albatta, tabletka koʻrinishida boʻladi.

Bundan tashqari, adenamioz kasalligiga tibbiy tekshiruvdan oʻtishingizni ham tavsiya qilamiz. Adenamioz xastaligida ham hayz oldi sindromi, yaʼni ogʻriqlar boʻladi, lekin hayz kelmaydi. Hayz davri qanchalik tezroq normaga solinsa, keyinchalik farzandli boʻlish imkoniyati ham shuncha ortadi. Yillab hayz koʻrmaslik natijasida esa bepushtlik, erta klimaks, suyaklar moʻrtligi, soch toʻkilishi, terida oʻzgarishlar va moddalar almashinuvi buzilishi roʻy berishi mumkin.

ЎҚИНГ:   Homiladorlik va 9 ta kasallik: qanday himoyalanish kerak?

Bachadonni olib tashlash jinsiy hayotga chek qoʻyadimi?

Savol: Bundan oʻn uch yil avval salpingooforit va peritonit kasalligi sabab, ikkala bachadon naychasi va bitta tuxumdonim olib tashlandi. Shundan soʻng hayz siklimda oʻzgarishlar yuz berdi. Keyinchalik esa mioma paydo boʻldi.

Miomaning kelib chiqishiga tuxumdon yetishmovchiligi sabab, deyishgani uchun turli gormonal dorilarni qabul qilib yuraverdim. Natijada, gormonal vositalar qorin pardaorti oʻsmasini rivojlantirib yubordi. Bu oʻsmani uch yil avval jarrohlik amaliyoti bilan olib tashlashdi. Yaqindan boshlab hayz koʻrmay qoʻydim.

Miomaga esa sakkiz haftalik, deb tashxis qoʻyildi. Gormonal dorilarni ham ichib koʻrdim. Lekin foydasi yoʻq. Tezda toliqaman, hayotga boʻlgan qiziqishim yoʻq. Biror ish qilgim kelmaydi, hech narsa yoqmaydi, erim bilan ham gaplashgim kelmaydi. Bu erta klimaksmi?

Javob: Mioma tashxisi qoʻyilganida, koʻpincha, ayollar bachadonimni jarrohlik amaliyoti bilan olib tashlashadi deya shifokor koʻrigiga kelishdan bosh tortishadi. Ularning nazarida mioma oʻsimtasi bilan birga bachadon ham olib tashlanadi, natijada esa jinsiy hayot izdan chiqadi. Bu notoʻgʻri fikr.

Mioma oʻsimtasini konservativ hamda jarrohlik yoʻli bilan davolash usullari mavjud. Mioma tufayli bachadonni olib tashlash amaliyoti bajarilgan taqdirda ham jinsiy hayot sifati buzilmaydi. Erkak ayolida bachadon bor yoki yoʻqligini umuman sezmaydi, unga shunchaki ayolining ichki jinsiy aʼzosi yoʻqligi ruhiy bosim oʻtkazishi mumkin. Shu bois, shifokorlar koʻp hollarda bachadon amputatsiyasi haqida bemor ayollarning erlariga xabar berishmaydi.

Unutmang, mioma xastaligi tufayli organizmda kamqonlik yuzaga keladi. Birinchidan, oʻsimta organizmning bor kuchini soʻrib oladi, ikkinchidan, surunkali qon ketishi oʻz asoratini koʻrsatadi. Bularning barchasi, albatta, holsizlanish va immunitet pasayib ketishiga olib keladi. Maslahatim, miomani oldiring.

Rayhon SALOMOVA, akusher-ginekolog.

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Аъзо бўлиш

Бош саҳифа » Shifokor maslahati » Bachadon miomasi va bachadonni olib tashlash haqida savol-javob

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.