Aksariyat ayollar homiladorlik davrida semirib ketishdan qattiq xavotirlanishadi. Zero, bu bir emas, ikki jonning taqdirini hal qiluvchi muhim masaladir.
Homilador ayollar yaxshi bilishadi: tug‘ruq yaqinlashgani sayin shifokor qabuliga har hafta qatnash kerak. Tajribali mutaxassis bo‘lajak onaning qon bosimi, bolaning yurak urishi kabilar bilan bir qatorda vaznni ham nazorat qilib boradi. Chunki ona vazni bilan go‘dakning salomatligi orasida uzviy bog‘liqlik bor. Shu bois, tug‘ish arafasidagi ayol vazniga daxldor o‘zgarishlar sezsa (birdaniga ko‘p miqdorda vazn olish yoki yo‘qotish), qabul kunini kutib o‘tirmay, darhol shifokorga murojaat qilishi zarur. Vazn o‘lchashning esa muayyan qoidalari bor.
Vazn o‘lchash qoidalari
- har safar faqat bir vaqtda taroziga chiqish kerak (ertalab uyqudan uyg‘ongach);
- vazn ovqatlanmasdan avval o‘lchanadi;
- og‘ir ustki kiyimlarsiz, yengilgina ko‘ylakda, har safar faqat bir tarozuda tortilish kerak;
- imkon qadar grammlargacha aniq ko‘rsatadigan maxsus elektron tarozudan foydalanish darkor.
Semirish nimadan dalolat?
Homilador ayoldagi ortiqcha vaznni qanday bilish mumkin? Agar ayol haftasiga me’yoridan ortiq 100-300 g vazn olsa, buning vahimali joyi yo‘q. Ammo mazkur ko‘rsatkich 1 kiloga yetib qolsa, chora ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Bu, organizmda yog‘lar ko‘payib ketganligi bilan bir qatorda tanadan suv chiqib ketmayotgani, ya’ni shishlar boshlanganligini bildiradi.
Asoratlar
- Vazn ortishi yurak qon-tomir va asab tizimi kasalliklarini, qon bosimi oshishi, qandli diabet, preeklampsiya (kechki toksikoz) va giperkoagulyatsiya (qon ivishining yuqoriligi) kabi xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
- Venalarning varikoz kengayishi yuzaga keladi.
- Homila tushishi, erta tug‘ruq, kech tug‘ruq, qog‘onoq suvining muddatidan avval kelishi xavfini oshiradi.
- Tug‘ruq paytidagi asoratlarni ko‘paytiradi (qon ko‘p ketishi, siydik yo‘llari infeksiyasi)
- Tug‘ruqdan keyingi tiklanishni qiyinlashtiradi.
- Homilaning ona qornidagi rivojlanishi susayadi.
Bola uchun xavfli jihati:
- bolaning bo‘ksa v bosh aylanasi nomutanosibligi;
- homilaning kislorod bilan yetarli ta’minlanmasligi;
- talvasa (sudoroga) sindromi va yurak yetishmovchiligi.
Bundan tashqari, homilador ayolning qorni ortiqcha yog‘ bosishi natijasida UTT tekshiruvi qiyinlashadi, olingan natijalar noaniq bo‘ladi.
Kim qancha vaznga ega?
Homila
Yangi tug‘ilgan chaqaloqning o‘rtacha statistik og‘irligi — 3500 kg. Ammo bu ko‘rsatkich +/- 1 kilogrammga farqlanishi mumkin. Ya’ni, to‘rt yarim kiloli pahlavonlar va ikki yarim kilogrammli nimjonvoylar uchrab turishi ham tabiiy hol.
Qon, suyuqlik va yog‘ to‘qimalari
Homiladorlikda organizmdagi qon miqdori ortadi va bu, ayol vazniga taxminan 1200-1500 g. qo‘shilishiga sabab bo‘ladi. Umumiy qon miqdori 30-50 foizga ortadi. Shu sababli, ayol har tuqqanida qoni yangilanib, 2-3 yilga yosharadi, deyiladi.
Qog‘onoq suvi
Qog‘onoq suvi — homilani o‘rab turgan biofaol muhit. Homiladorlik muddatiga qarab, uning miqdori o‘zgarib boradi. 37-38 haftaga kelib, suv miqdori 1000-1500 ml.ga yetadi. 40 haftaga kelib esa u biroz kamayadi (800 ml.). Bu bilan ayol vazniga 700-800 g. qo‘shiladi.
Yog‘ to‘qimalari
Yog‘ to‘qimalari, asosan, ko‘krak, qorin va son-bo‘ksa atrofida to‘planadi. Bu, ayol organizmining tug‘ruqqa tabiiy tayyorlanishi jarayonidir. Homiladorlikning so‘nggi haftalariga kelib, yog‘ to‘qimalari 700-800 g. ga ko‘payadi, uning asosiy qismi (400-500 g.) sut bezlariga to‘g‘ri keladi. Natijada, ayol yana bir kilogramm vazn orttiradi.
Bachadon
Bachadon — homiladorlik davrida bir necha o‘n barobarga kattalashish va tug‘ruqdan keyin asl holiga qaytish xususiyatiga ega. Bachadon homiladorlikning to‘qqizinchi oyiga kelib, 500 baravargacha kattalashadi. Og‘irligi esa qariyb 1000 g. ga yetadi.
Yo‘ldosh
Yo‘ldosh — homiladorlikda yetakchi o‘rinni egallaydigan a’zodir. U homila hayoti va uning rivojlanishi uchun mas’ul. Shu sababli og‘irligi ham salmoqli. Homiladorlikning dastlabki oylarida yo‘ldosh og‘irligi homila og‘irligidan bir necha o‘n baravar yuqori bo‘ladi. Tug‘ruqqa yaqin esa u 500 – 600 g. ga yetadi.
Homiladorlikda qo‘shiladigan o‘rtacha vaznni foiz hisobida taxminan quyidagicha taqsimlash mumkin:
- 38 % — o‘sayotgan homila;
- 22 % — qon, suyuqlik va yog‘ qatlamlari;
- 20 % — bachadonning o‘sishi;
- 11 % — qog‘onoq suvi;
- 20 % — ko‘krak, qorin, bo‘ksa;
- 9 % — yo‘ldosh.
Eng zarur tavsiyalar
- Homila 28 haftadan so‘ng jadal o‘sa boshlaydi. Bu davrda xamir ovqatlar va shirinlikdan tiyiling.
- Yangi sabzavotlardan tayyorlangan salatlarni ko‘proq yeng. Ular vitaminlarga boy, to‘yimli va kaloriyasi kam.
- Sho‘r taomlardan o‘zingizni tiying. Chunki tuz organizmda suyuqlikni ushlab qoladi, bu esa shishlarni keltirib chiqaradi.
- Doimiy faol harakat, sayr, cho‘milish va jismoniy mashqlar sog‘lom turmush tarzi bilan uyg‘unlikda homilador ayol vaznini me’yorida ushlashga yordam beradi.
Homiladorlikda vaznning haftalik ortishi (avval vazni me’yorida bo‘lgan ayollar uchun. TVI = 19,8 – 26,0)
[su_table]
Homiladorlik haftasi | O‘rtacha vazn qo‘shilishi (kg) |
2 hafta | 0,5 kg |
4 hafta | 0,7 kg |
6 hafta | 1 kg |
8 hafta | 1,2 kg |
10 hafta | 1,3 kg |
14 hafta | 1,9 kg |
16 hafta | 2,3 kg |
18 hafta | 3,6 kg |
20 hafta | 4,8 kg |
22 hafta | 5,7 kg |
24 hafta | 6,4 kg |
26 hafta | 7,7 kg |
28 hafta | 8,2 kg |
30 hafta | 9,1 kg |
32 hafta | 10 kg |
34 hafta | 10,9 kg |
38 hafta | 12,7 kg |
40 hafta | 13,6 kg |
[/su_table]
Homilador ayolning vazn qo‘shishi ayolning vazni va tana uzinligiga bog‘liq (TVI). Biz yuqoridagi jadvalda faqat tana vazni indeksi me’yoriy bo‘lgan ayollar uchun ma’lumot keltirib o‘tdik. Agar siz uzunligingiz va vazningizga bog‘liq bo‘lgan holatdagi aniq ma’lumotga egabo‘lishni istasangiz MANA BU kalkulyator sizga yordam berishi mumkin.
Manba: “Sug‘diyona” gazetasi.