Bachadon tanasi va qin o‘rtasida bu ikki a’zoni birlashtirib turuvchi kanal – bachadon bo‘yni joylashgan. Bu “ko‘prik”ning shikastlanishi, hatto, homila tushishiga ham olib keluvchi omillardan sanaladi. Ayniqsa, bachadon bo‘yni eroziyasi ginekologiyadagi eng keng tarqalgan kasalliklardan hisoblanadi. Har yili yer yuzida millionlab ayolga shu tashxis qo‘yiladi. Ayollarning 50 foizi bachadon bo‘yni eroziyasidan aziyat chekadi. Xo‘sh, bu qanday xastalik? Qanday paydo bo‘ladi va uni qay tarzda davolash kerak?
Qanday paydo bo‘ladi?
Buning bir qancha sabablari mavjud. Jumladan:
- jinsiy infeksiyalar, qin disbakteriozi va ayoldagi jinsiy xastaliklar;
- jinsiy hayotni erta boshlash. Ayol jinsiy a’zolarining shilliq qavati 20-23 yoshga borib, to‘liq yetiladi;
- bachadon bo‘yni shikastlari. Buning asosiy sababchilari – tug‘uruq va abortlar;
- gormonal fondagi muammolar;
- immunitetning susayishi;
- mexanik, ya’ni g‘ayriixtiyoriy shikastlanish.
Shuningdek, bachadon bo‘yni eroziyasi tug‘ma bo‘lgan holatlar ham uchraydi.
Bachadon bo‘yni eroziyasi belgilari
- Qonli ajralma mavjudligi (ayniqsa, jinsiy yaqinlikdan so‘ng);
- jinsiy yaqinlik vaqtida og‘riq hissi.
Biroq bachadon bo‘yni eroziyasi alomatlari sezilmasligi ham mumkin. Kasallik ko‘pincha o‘zini namoyon etmaydi.
Eroziyani tashxislash usullari
Eroziyani shifokor qin oynasi orqali osongina tashxislaydi. Kasallikning bezli, g‘uddachali va boshqa ko‘plab turlari mavjud. Statistika bo‘yicha, g‘uddali turi ko‘pincha saraton bilan tugaydi. Shu bois, eroziya xarakterini imkon qadar tezroq aniqlash lozim. Buning uchun bachadon bo‘yni mikroskopga o‘xshagan kattalashtirib ko‘rsatuvchi maxsus uskuna – kolposkop yordamida ko‘riladi. Shuningdek, sitologik xulosa (bachadon bo‘yni yuzasidan mazok olinib, mikroskop ostida tekshirish) va gistologik tekshiruv (ayolning zararlangan epiteliy to‘qimasidan kichkinagina parcha kesib olib, yomon sifatli o‘zgarish bo‘lmaganini aniqlash) ham zarur.
Davo choralari
Bachadon bo‘yni eroziyasini davolash shart. Kerakli muolajalarni olmaslik yaxshi va hatto, yomon sifatli o‘smalarning rivojlanishiga sabab bo‘lishi, bachadon bo‘yni eroziyasining bez-kista ko‘rinishi kabi og‘ir formalari rivojlanishi mumkin. Shuning uchun shifokor-ginekolog ko‘rigidan o‘tib turish juda muhim.
Ayni paytda bachadon bo‘yni eroziyasini davolashning bir qancha usullari mavjud. Qaysi birini qo‘llash esa kasallik darajasiga qarab belgilanadi. Qinda yallig‘lanish jarayoni bo‘lganda birinchi galda infeksiya qo‘zg‘atuvchisini aniqlash va antibakterial terapiya kursini olib borish zarur.
- Diatermokoagulyatsiya (yuqori harorat yordamida kuydirish) – eski an’anaviy usul. Ayni paytda asosan tuqqan ayollardagi yaxshi sifatli eroziyani davolashda qo‘llaniladi. Diatermokoagulyatsiya natijasida bachadon bo‘yni elastikligi yo‘qolishi va bu keyingi tug‘uruqlarda noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Kuydirilgandan so‘ng yara 8-10 haftada bitadi.
- Kriodestruksiya (“muzlatib qo‘yish”) – patologik o‘zgargan sohaga suyuq gaz bilan ta’sir ko‘rsatish orqali davolovchi usul. Bunda zararlangan yuza muzlatib qo‘yiladi. Bu usul og‘riqsiz va chandiq qoldirmaydi. Kriodestruksiyaning salbiy tomoni shundaki, to‘qimalarning yetarlicha muzlamaslik xavfi bor. Natijada o‘zgargan hujayralar tamoman yo‘qolmaydi. Yaraning bitish davomiyligi 8-10 hafta.
- Xirurgik lazer yordamida davolash – eng samarali va bachadon bo‘yni kasalliklarini (eroziyadan tortib, bachadon bo‘yni saratonining boshlang‘ich formalarigacha) davolashning zamonaviy usuli. Buning afzalligi sog‘lom to‘qimalarning saqlanib qolishi, qo‘pol chandiqlar paydo bo‘lmay, qisqa muddatda bitishida. Yara 4-6 haftada bitadi.
Ehtiyot bo‘ling!
- Birinchidan, bachadon bo‘yni eroziyasi xlamidiya, gonokokklar, oddiy gerpes virusi uchun “kirish eshigi” bo‘ladi. Chunki sekretsiya epiteliyasi himoya funksiyasiga ega emas.
- Ikkinchidan, qinning kislotali muhitida eroziya uzoq vaqt mavjud bo‘la olmaydi. Shu boisdan ham eroziyaning “o‘zi bitishi”, ya’ni sekretsiya to‘qimasining qavatma-qavat joylashuvi jarayoni boshlanadi. Biroq bu ko‘p bosqichli jarayon har doim ham sifatli bo‘lavermaydi. “Bitayotgan” eroziya – inson papilloma virusining sevimli joyi. Jinsiy yo‘l bilan yuquvchi bu virus bachadon bo‘ynining turli kasalliklarini (oddiy kondilomalardan bachadon bo‘yni saratonigacha) chaqiradi.
Unutmang!
Aziz ayollar, har yarim yilda bir marta, albatta, ginekolog ko‘rigidan o‘ting. Qachondir eroziyangizni davolatgan bo‘lsangiz, bu ginekologik tekshiruvdan o‘tishdan qochishga sabab bo‘la olmaydi. Kasallik har qanday paytda paydo bo‘lishi mumkin.
O‘xshash maqola: Bachadon bo‘yni eroziyasi qanday kasallik?
Mutaxassis: Respublika ixtisoslashgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazi shifokori, oliy toifali akusher-ginekolog Janna Arabyan.
Jurnalist: Nilufar Vahobova
Manba: «Sugdiyona.uz» nashri.