Sog'lom oila - sog'lom kelajak

Azospermiya, aspermiya va astenozoospermiya nima?

Saytimizdagi maqolalar orqali avvalroq shahvatning patalogik shakllari (sperma buzilishi holatlari) to’g’risida to’xtalib o’tgan edik. Ushbu maqolalarning davomi sifatida quyidagi maqolani ham e’tiboringizga havola qilyapmiz.

Erkaklarda sperma miqdorining kamligi yoki yo‘qligining turli xillari va sabablari mavjud (azospermiya, aspermiya, oligozospremiya va h.k.). Shulardan biri azospermiya bo‘lib, bunda urug‘ suyuqligida spermatazoidlar bo‘lmaydi. Bu tashxisni o‘zicha qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki tashqi tomondan sperma holati me’yordagidan farq qilmaydi. Faqat spermogramma tahlilidan shifokor reproduktolog baho berib aniqlashi mumkin.

Shifokorlar har doim ham azospermiya sababini aniq aytolmaydilar. Asosiy sabalar quyidagilar sanaladi:

  • Urug‘don (yorg‘oq) lar faoliyatining buzilishi (travma, infeksiya, yallig‘lanish);
  • kriptorxizm;
  • urug‘ chiqadigan yo‘llardagi muammolar;
  • surunkali kasalliklar (mukovissidoz, qandli diabet);
  • yuqumli kasalliklar (sil, sifilis, gonoreya, xlamidoz);
  • avitaminoz;
  • irsiy nuqsonlar;
  • alkogol, kimyoviy moddalar yoki nurlanishning ta’sirlari;
  • gormonal buzilishga olib keluvchi bosh miya (gipotalamus va gipofiz) kasalliklari.

Azospermiya turlari

Azospermiya – urug‘ suyuqligida spermatogenez hujayralari mavjud bo‘lsa-da, ammo yetilgan, ya’ni farzand bunyod etishga layoqatli spermatozoidlarning umuman yo‘qligidir.

azospermiya
Foto: Google Photo

Obstruktiv (ekskretor) azospermiya. Bunda spermatazoidlar ishlab chiqarilishi, gormonlar miqdori va yorg‘oq o‘lchamlari me’yorda bo‘ladi. Ko‘pincha yorg‘oq ortig‘i o‘lchamlari kattalashgan bo‘ladi va urug‘ chiqadigan kanallarda buzilishlar bo‘ladi.

Agar bu buzilishlar tug‘ma bo‘lsa, bunga tashqi va ichki jinsiy a’zolarning rivojlanishidagi nuqsonlar sabab bo‘ladi. Agar keyin orttirilgan bo‘lsa, bunga jinsiy a’zolar yallig‘lanishi, kichik tos a’zolarida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti yoki reproduktiv tizimning turli qismidagi travmalar sabab bo‘ladi. Azospermiya tashxisi qo‘yilgan erkaklarning 40 % ida uchraydi.

Noobstruktiv (sekretor) azospermiya. Bunda urug‘donda spermatazoidlarning yetilishida buzulish kuzatiladi va ko‘pincha eyakulyatda spermatozoidlar umuman bo‘lmasligi kuzatiladi. Bu holatning tug‘ma sabablariga kriptorxizm va yorg‘oqdagi boshqa anomal rivojlanishlar kiradi. Orttirilgan azompermiya sabablari esa orxit, epididimit, varikotsele, nurlanish, kimyo terapiya kabilar bo‘lishi mumkin. Azospermiya tashxisi qo‘yilgan erkaklarning 60 % ida uchraydi.

Obstruktiv azospermiyani davolash noobstruktivdan ko‘ra osonroq hisoblanadi.

Azospermiyani davolash

Bir nechta spermogramma tahlillari asosida shifokor tashxis qo‘ygandan keyin davolash rejasini tuzadi. Obstruktiv shaklida urug‘ chiqadigan kanallarni tekshirish va tiklash hamda vazovazostomiya yoki vazoepididimoanastamoz amaliyotlari o‘tkazilishi mumkin.

O‘QING:  Shahvat va uning patalogik shakllari

Vazoazostomiya jarrohlik amaliyoti

Bu amaliyotda urug‘ chiqadigan yo‘llarni tiklovchi anastamoz (ikki kovakli kanalni orasini ochish) qilinadi. Mazkur amaliyot optik kattalashtiruvchi maxsus mikroxirurgik uskunada amalga oshiriladi.

Agar kanallarni tiklash bepushtlik muammosini hal qilmagan bo‘lsa, unda EKU va IKSI usulini qo‘llash uchun spermatazoidlarni aspiratsiya yoki biopsiya usulida yorg‘oqdandan yoki yorg‘oq ortig‘idan chiqarib olish (TЕSA) mumkin.

Agar bepushtlikning sababi sekretor azospermiya bo‘lsa varikotseledan xalos bo‘lish, undan keyin gormonal davolash usulini qo‘llab ko‘rish mumkin.

Azospermiyani aspermiya bilan adashtirmaslik kerak.

Aspermiya va uning sabablari

Aspermiya – shahvat suyuqligi tarkibida spermatogenez hujayralarining ham, spermatozoid hujayralarining ham butunlay mavjud bo‘lmasligidir. Aspermatizm esa jinsiy aloqa vaqtida eyakulyatsiyaning (urug‘ suyuqligi chiqishi) umuman kuzatlimasligidir.

Aspermiyaning sabablari quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • Urug‘ yo‘llarining tug‘ma yopiqligi yoki yo‘qligi;
  • surunkali prostatit yoki sil oqibatida yorg‘oq ortig‘ining yallig‘lanishi;
  • umurtqa pog‘ona travmasi, o‘sma, yoki o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti oqibatida urug‘ chiqadigan kanallarning distoniyasi (mushaklarning muntazam og‘riqli qisqarishi);
  • ruhiy muammolar (misol uchun tez−tez stress holatlari bo‘lishi).

Aspermiyani davolash

Bunda har tomonlama (kompleks) yondoshuv zarur. Reproduktolog yoki urolog (androlog) batafsil tekshiruvdan so‘ng gormonal preparatlar tayinlashi mumkin. Bundan tashqari to‘qima terapiyasi va fizioterapiya muolajalari (ozon, lazer, mikrotok terapiya usullari), urug‘don pufakchalari va prostatani uqalash muolajalari o‘tkaziladi. Spermogramma orqali urug‘ miqdorini nazorat qilib borish zarur.

Agar davolash muolajalari kutilgan natijani bermagan taqdirda sun’iy muhitda urug‘lantirish (EKU) usulida ishlatiladigan TЕSA va IKSI amaliyotlari tavsiya etiladi.

Astenozoospermiya

sperma buzilishi
Foto: altra-eko.ru

Ma’lumki, tuxum hujayrani urug‘lantirish uchun spermatozoidlar ma’lum tezlikda va yo‘nalishda harakatlanishi kerak. Oilaviy juftliklardagi bepushtlik muammosining ko‘p tarqalgan sabablaridan biri astenozoospermiya, ya’ni sperma buzilishi holatlaridan bo’lib, spermatozoidlar harakatchanligining kamayishi hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hujjatlariga binoan, mutaxassislar spermatozoidlar harakatchanligini uch turga bo‘lishadi:

  • Faol (aktiv) – progressiv−harakatchan spermatozoidlar bo‘lib, ular katta tezlikda va to‘g‘ri chiziq yoki katta radiusdagi aylana bo‘ylab harakatlanadi;
  • Shartli faol – noprogressiv harakatchan spermatozoidlar bo‘lib, ular o‘z joyida harakatlanadi;
  • Faol bo‘lmagan (nuqsonli, kasal) – ular harakatlanmaydi.

Farzandli bo‘lish uchun erkak spermasida birinchi guruhga kiruvchi (faol) spermatozoidlar miqdori 40 % dan kam bo‘lmasligi kerak. Faqat shartli faol va faol bo‘lmagan spermatozoidlarning urug‘ suyuqligida mavjud bo‘lishi bu hali bepushtlik bor degani emas. Ammo bu omil farzandli bo‘lish ehtimolini keskin pasaytiradi.

O‘QING:  Oligozoospermiya - turlari, sabablari va davolash usullari

Astenozoospermiya sabablari

Astenozoospermiya yoshi katta erkaklarda uchragani kabi, yosh yigitlarda ham uchrab turadi. Bu xususiyat nasldan−naslga ham o‘tadi. Lekin ko‘pincha bunga bir qator kasalliklar sabab bo‘ladi. Birinchi navbatda jinsiy a’zolar (yorg‘oq va uning ortig‘i) yallig‘lanishi kasalliklari, keyin jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar. Sperma sifatiga virusli nifeksiyalar, tomir kasalliklari va turli o‘smalar ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mazkur kasalliklarning aksariyati, bevosita farzandli bo‘lishga to‘sqinlik qiladigan turlarga kiradi. Shuning uchun nasl qoldirish haqida o‘ylashdan oldin avvalo ularni bartaraf etish va natijada spermatozoidlar harakatchanligini tiklash lozim bo‘ladi.

Astenozoospermiyaga ba’zida ilk boqishda ahamiyatsiz bo‘lib ko‘ringan omillar ham sabab bo‘lishi mumkin. Misol uchun, haddan tashqari ko‘p sauna va issiq hammomlar qabul qilish, yoki muntazam issiq muhit sharoitida ishlash (masalan, tandir yoki o‘choq oldida).

Kam harakatli mehnat sharoitida (muntazam bir joyda o‘tirib) ishlash, yoki aksincha muntazam o‘ta og‘ir mehnat sharoitida ishlash yoki og‘ir jismoniy mashqlar bilan ko‘p shug‘ullanish ham spermatozoidlar haraktchanligini pasaytirib yuborishi mumkin.

Sperma sifati va miqdoriga erkak kishi iste’mol qiladigan ovqat ratsioni (yetarli muvozanatlanmagan, ochlik) ham ta’sir qilishi mumkin.

Tashxislash

Bunda ham shifokor−mutaxassis mikroskop ostida spermani tekshirib spermagramma tahlili o‘tkazadi. Ushbu tahlil natijasida spermatozoidlar miqdori, morfologiyasi kabi parametrlar bilan bir qatorda ularning harakatchanligini baholovchi parametrlar ham ko‘rsatiladi.

Ya’ni faol, shartli faol va faol bo‘lmagan (harakatsiz, o‘lik) spermatozoidlar umumiy spermatozoidlar miqdorining necha foizini tashkil etishi aniqlanadi. Astenoozopermiya tashxisini shifokor−mutaxassis faol spermatozoidlar ulushi 25% dan kam bo‘lganda qo‘yishi mumkin.

Astenozoospermiya davolash

Agarda spermatozoid harakatchanligi pasaygan bo‘lsa, shifokor aniq sababni (misol uchun, virusmi, infeksiyami yoki yallig‘lanishmi) bilish uchun katta ehtimol qo‘shimcha tekshiruv tayinlashi mumkin. Agar bunday kasalliklar mavjud bo‘lmasa, shifokor nasldorlikka salbiy ta’sir qiluvchi omillarni bartaraf etish maqsadida, turmush tarzini me’yorga keltiruvchi tavsiyalar berish bilan birga, astenozoospermiyani davolash uchun zarur dori vositalarini tayinlaydi.

Tegishli maqola: Shahvat va uning patalogik shakllari

Ushbu mavzu yuzasidan savollaringiz bormi? Unda savollaringizni quyida "Fikr bildirish" qismi orqali yozib qoldiring. Dolzarb va muhim savollarga shifokor ekspertlarimiz javob berishadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.