Соғлом оила - соғлом келажак

Ayollarda bepushtlik – sabablari, belgilari va davolash usullari

Ayollar bepushtligi – bu sog‘lom, harakatchan, yetarli miqdorda bo‘lgan spermatozoidlarning tuxum hujayrani urug‘lantira olmasligi bo‘lib, bunda ayol bir yil davomida jinsiy aloqada bo‘lgan va voyaga yetgan bo‘lsa ham homilador bo‘la olmasligidir. Bundan tashqari bepushtlik deb homiladorlikining homila tashlash bilan tugashiga ham aytiladi. Bepushtlikka duchor bo‘lgan nikoh 10-20 % hollarda uchraydi.

Ayollar bepushtligini homiladorlikni to‘xtashi bilan farqlash kerak, bunda spermatozoidlar tuxum hujayrani urug‘lantira oladi lekin ayol organizmi homilani ushlab qololmaydi va u embriogenez davrida nobud bo‘ladi.

Bepushtlik muammosi hozirgi kunda eng dolzarb muammolardan biridir. Chunki jinsiy a’zolar kasalliklari kundan-kunga ko‘paymoqda. Bepusht oilalarni 100 % deb olsak, ularning 33,3 % iga erkaklar sababchi, 33,3 % iga esa ayollar, qolgan hollarda ikkala jins a’zosi ham sababchi bo‘ladi.

Bepushtlikka jisniy a’zolar yetilmaganligi, ularning funksiyasi buzilishi, kuchli intoksikatsiya, umumiy organizmdagi surunkali kasalliklar hamda psixo-nevrologik kamchiliklar sabab bo‘la oladi. Bepushtlik mustaqil kasallik emas, u har doim boshqa biror bir kasallik natijasida kelib chiqadi, ayollarda ko‘pincha yallig‘lanish kasalliklari sababli bepushtlik kelib chiqadi.

Ayollarda bepushtlik belgilari

Hayz sikli

Bepushtlikka sabablardan biri hayz siklining buzilishi ham bo‘lishi mumkin. Normada hayz sikli 21-35 kun davom etadi va 3 ta fazadan iborat.

  1. Follikulyar faza – tuxum hujayra yetilishi (7 kundan 22 kungacha);
  2. Ovulyatsiya fazasi – tuxum hujayra yetilishi va ajralib chiqishi, urug‘lanishga tayyor davri;
  3. Lyutein fazasi – sariq tanacha davri (13 kundan 15 kungacha).

Ushbu davrlar ichidan ayollarning homilador bo‘lish imkoniyati, ovulyatsiya davrida eng yuqori darajada bo‘ladi.

Bepushtlik klassifikatsiyasi

Birlamchi – homiladorlik umuman kuzatilmagan. Tug‘ma ginekologik anomaliyalar, ayollar jinsiy a’zolari kasalliklarida hayz ko‘rgandan keyin homilador bo‘lish qobiliyati yo‘q.

Ikkilamchi – avval homilador bo‘lgan, lekin hozirgi paytda homilador bo‘la olmayapti. Umuman davosiz yoki davolab bo‘ladigan xillari bor.

Ba’zi adabiyotlarda ayollar jinsiy tizimi fiziologiyasi va patofiziologiyasiga asoslanib bepushtlikning quyidagi tasnifi ham bor:

Fiziologik. Voyaga yetmagan va klimaks yoshidan keyin homilador bo‘la olmaslik norma hisoblanadi.

Ixtiyoriy. Bepushtlikni ayol o‘z xohishiga ko‘ra amalga oshiradi, ya’ni kontraseptiv vositalardan foydalanib.

Vaqtinchalik. Uzoq muddatli stress, biror bir kasallik natijasida ayol organizmining kuchsizlanishi, laktatsion amenoreya – ovulyatsiyaning to‘xtashi, hayz siklining cho‘zilishi sababli.

Doimiy. Jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan ayol jinsiy a’zolari olib tashlanganda.

Bepushtlik belgilari

Bepushtlik asosiy belgisi normal jinsiy hayotga rioya etgan holda, bir yil davomida homilador bo‘la olmasligidir. Bunda erkak spermogrammasi normada, muntazam jinsiy aloqa, kontraseptiv vositalardan foydalanmagan holda, ayol yoshi 20 dan 45 yoshgacha bo‘lsayu ayol homilador bo‘la olmaydi.

Bepushtlikda patologik belgilar kuzatilmaydi, ya’ni uning yaqqol simptomlari yo‘q, bu kasallik anamnez, umumiy ko‘rik, laborator va instrumental tekshiruvlar orqali aniqlab olinadi.

Anamnez. Hayz sikli bilan bog‘liq kamchiliklar so‘raladi: muddati, davomiyligi, og‘riqliligi, hajmi, qo‘shimcha ajralmalar borligi, infeksion, noinfeksion kasalliklar, jarrohlik amaliyotlari haqida ma’lumot yig‘iladi.

Fizikal ko‘ruvda quyidagilar aniqlanadi:

  • Gipofiz bezida o‘smalarni istisno qilish uchun MTana vazni indeksi 20-26 dan yuqori yoki kam bo‘lmasligi;
  • Teri qoplamasi va endokrin bezlari kamchiliklari;
  • Sut bezlari rivojlanganligi;
  • Kichik chanoq sohasidagi og‘riqli holatlar, bimanual palpatsiya usulida tekshiriladi;
  • Kolposkop, qin oynasi yordamida tekshiruvda ginekologik kasalliklar aniqlanadi;
  • Laborator va instrumental tekshiruvga quyidagilar kiradi:
  • Gormonal tekshiruv;
  • Kichik chanoq a’zolari, qalqonsimon bez UTT (UZI) tekshiruvi;
  • Gisterosalpingografiya – bachadon nayining berkilib qolganligini istisno qilish uchun rentgenologik tekshiruv o‘tkazish;
  • JYBYK ni infeksion tekshirish;RT tekshiruvi;
  • Laproskopiya qorin bo‘shlig‘i vizual tekshiruvi;
  • Giteroskopiya – bachadon ichi devorlarini rentgenologik tekshiruvi.
ЎҚИНГ:   Tug‘ruqdan keyin belim tez-tez og‘riyapti, nima qilay?

Ayollarda bepushtlik sabablari

Bepushtlikka sabablar juda ko‘p, ular gohida belgilarsiz kelib diagnoz qo‘yishda va davolashda qiyinchiliklar tug‘diradi.

Ular quyidagi katta guruhlarga bo‘linadi:

  • Jinsiy a’zolar tug‘ma anomaliyalari;
  • Orttirilgan jinsiy a’zolar kasalliklari;
  • Anatomik-morfologik o‘zgarishlar;
  • Funksional o‘zgarishlar.
  • Moddalar almashinuvida disbalans.
  • Ginekologik kasalliklarga bog‘liq bo‘lmagan sabablar:
  • Fiziologk jihatdan yosh o‘tganligi;
  • Homiladorlikka qarshi preparatlarni uzoq muddat qo‘llash.

Kontraseptiv preparatlardan uzoq muddat foydalanganda esterogen gormonining ishlab chiqarilishi kamayganligi sababli, bu muolajalardan so‘ng homilador bo‘lish qobilyati pasayib ketadi. Bunday muammolarga duchor bo‘lmaslik uchun shifokor-ginekolog maslahatlari asosida kontrasepsiya usulini tanlash zarur.
Ayollarda bepushtlik belgilari

Ayollarda ikkilamchi bepushtlikka sabablar

Avval homilador bo‘lib, farzand ko‘rgan ayollar ham, homiladorlikni rejalashtirib farzandli bo‘la olishmaydi. Bunga asosiy sabab, jinsiy a’zolar infeksion va noinfeksion kasalliklaridir.

Bepushtlikka olib keluvchi faktorlar

  • Bepushtlikni chaqiruvchi kasallikning anatomik joylashuvi;
  • Patofiziologik xarakteriga ko‘ra (endokrin buzilishlari, jinsiy hujayralarga qarshi autoimmun reaksiyalar);
  • Genetik anomaliyalar;
  • Salbiy turmush tarzi natijasida kelib chiqqan psixo-nevrologik holatlar;

Erkaklar sabab bo‘ladigan bepushtlik

Normada tuxum hujayra urug‘lanishi uchun eyakulat tarkibida kamida 10 mln spermatozoidlar bo‘lishi kerak. Ayol qinining muhiti fiziologik barer bo‘lib, har qanday yot moddalardan himoya qilib turadi. Qindagi yallig‘lanishli kasalliklar natijasida shu yerga tushgan spermatozoidlar o‘lib ketadi. Normal holatda esa tushgan spermatozoidlar, bachadon shilliq qavatlaridan ishlab chiqariladigan maxsus suyuqlik bilan o‘ralgan holda bachadon bo‘yinchasidan o‘tadi.

Spermatozoidlarning bachadondan o‘tishida quyidagilar muhim rol o‘ynaydi:

  • Spermatozoidlar aktivligi va harakatchanligi;
  • Ishlab chiqarilgan shilliqning kimyoviy-fizik xususiyatlari.

Shilliq tarkibi va xususiyati buzilganda aktiv va harakatchan spermatozoidlar ham bachadon orqali o‘ta olmaydi. Bunday omil bachadon bo‘yni shilliq qavati bilan bog‘liq faktor deyiladi.
Shilliq tarkibi va xususiyati o‘zgarishi sabablar quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • Jinsiy gormonlar ishlab chiqarilishidagi kamchiliklar;
  • Bachadon bo‘yinchasidagi yallig‘lanishli kasalliklar;
  • Bachadon bo‘yinchasi mikroflorasi buzilishi.

Bachadon nayi omillari

Bachadon nayi orqali yetilgan tuxum hujayra bachadon bo‘shlig‘iga o‘tadi, bachadon nayi kiprikchali hujayralardan tuzilgan. Tuxum hujayra harakatlanishida quyidagilar muhim rol o‘ynaydi:

  • Bachadon nayining peristaltikasi hisobiga;
  • Kiprikchali epiteliylarning bir tomonlama harakati hisobiga.

Ushbu kiprikchalarning harakatlanishi buzilishi hisobiga tuxum hujayra bachadon nayida turib qolishi va bachadondan tashqari homiladorlikka olib kelishi mumkin. Bundan tashqari bachadon nayining berkilib qolishi hisobiga tuxum hujayraning bachadon bo‘shlig‘iga o‘ta olmasligi ham kuzatiladi – bu esa bachadon nayi omili deyiladi.

ЎҚИНГ:   Bachadon bo‘yni eroziyasi

Bachadon nayining berkilib qolishi (obturatsiyasi) quyidagicha bo‘lishi mumkin

  • Voronkasimon qismida – bachadon nayining distal qismidagi berkilishlar;
  • Bachadon nayining proksimal qismidagi berkilishlar;
  • Nayning umumiy berkilishi.

Bachadon nayining berkilib qolishi spazm yoki nay bo‘shlig‘ining berkilib qolishi (yallig‘lanishdan keyin spaykalar hosil bo‘lishi, o‘sma, kista) hisobiga kelib chiqadi. Bachadon nayining ba’zi kasalliklarida, u yerda transsudat (suyuqlik) yig‘ilib qolishi ham kuzatiladi va u gidrosalpinks deb ataladi.

Gidrosalpinks sabablari

  • Salpingit – nayning yallig‘lanishi;
  • Salpingooforit – nay va tuxumdonning yallig‘lanishi;
  • Adneksit – bachadon nayi, tuxumdon va uning bog‘lamlari yallig‘lanishi.

Tuxum hujayraning yo‘li berkilib qolishi, qorin bo‘shlig‘ida og‘riq chaqiradi. Gidrosalpinksni diagnostikasida rentgenologik tekshiruv (gisterosalpingografiya) va laproskopiya o‘tkaziladi.

Ayollar bepushtligining davosi

Bepushtlikning bachadon bo‘yni omili

Bachadon bo‘yni – qin va bachadonni bog‘lab turuvchi “kanal” bo‘lib, uning funksiyasi quyidagilardan iborat:

  • Bachadonni yot moddalardan himoya qilish;
  • Bachadonga spermatozoidlarni o‘tkazish;
  • U ishlab chiqaradigan shilliq funksiyasi esa:
  • Spermatozoidlarni shu joyda ma’lum muddat saqlash;
  • Kuchsiz spermatozoidlarni o‘tkazmaslik;
  • Spermatozoidlar harakatini kuchaytirish.

Bachadon shilliq qavati funksiyasi u ishlab chiqaradigan suyuq shilliq hisobiga amalga oshadi, ushbu shilliq hayz siklining turli davrlarida fizik-kimyoviy xususiyatlarini o‘zgartirib turadi. Tuxum hujayra urug‘lanishi uchun ovulyatsiya vaqtida, bu joydagi muhit pH kislotalidan neytral va kuchsiz ishqoriy muhitga o‘tadi, shu yo‘l bilan spermatozoidlar o‘lib ketmaydi. Agar bachadon bo‘yni ishlab chiqaradigan shilliq patologiya sabab o‘zgarsa spermatozidlar bachadonga kira olishmaydi va bu bo‘yin omili deb ataladi.

Bachadon bo‘yni tashqi qismi – qin oynasi yordami vizual ko‘ruv bilan tekshiriladi, ichki qismi esa oddiy tekshirish usullari yordamida ko‘rinmaydi.

Bepushtlikka olib keluvchi bachadon bo‘yni omilida kolposkopiya tekshiruvi natijasida “qorachiq simptomi” aniqlanadi. Bunda bachadon bo‘yinchasiga kirish joyida shaffof hayz oldi shilliq suyuqligi aniqlanadi.

Laborator tekshiruvda

  • Shilliq tarkibining biokimyoviy va reologik tekshiruvi;
  • Jinsiy aloqadan so‘ng spermatozoidlar va shilliqning bir-biriga ta’sirini tekshirish, odatda ularning ta’sirlashishi 9-24 soat ichida amalga oshadi;
  • Kurtsrok-Miller sinamasi.

Bepushtlikning peritoneal omili

Qorin bo‘shlig‘ida joylashgan a’zolar peritoneum (qorin parda) bilan o‘ralgan bo‘lib, a’zolar bir-birdan ajralib turadi. Qorin parda ikki qavatdan iborat:

  1. Pariyetal qavat – tashqi tomondan qoplagan parda;
  2. Visseral qavat – organlarga yopishgan ichki parda.

Bachadon va bachadon nayi qorin parda bilan osilib turadi. Qandaydir patogen faktor ta’sirida qorin parda va bachadon nayi o‘rtasida spayka hosil bo‘ladi (chandiq). Buning natijasida bachadon nayi: harakatchanligi, qon bilan yetarlicha ta’minlanishi, uning to‘liq innervatsiyasi buziladi. Bachadon nayi funksiyasi buziladi va bu bepushtlikning peritoneal omili deb ataladi.

Bunday holatga olib keluvchi sabablar quyidagilar:

  • Kichik chanoq a’zolari yallig‘lanish kasalliklarining surunkaliga o‘tishi, ko‘pincha JYBYKda;
  • Kichik chanoq a’zolaridagi jarrohlik amaliyotlari va abortlardan so‘ng;

Diagnoz qo‘yish uchun UTT (UZI), laproskopiya, exografiya tekshiruvlari o‘tkaziladi.

Bepushtlikning immunologik omili

Normada ayol organizmiga begona oqsil ya’ni spermatozoidlar tushganda, immun tizimi ularga qarshi reaksiya bermaydi. Spermatozoidlarning immun tizimini qo‘zg‘atib yuborishining sababi yaxshi o‘rganilmagan. Immun tizimi tomonidan spermatozoidlarga qarshi maxsus antitelo ishlab chiqarilishi, allergik reaksiyaning 2 tipi asosida kechadi. Bunday vaziyatlarda davo chorasi immunodepressiv usullar bilan olib boriladi.

ЎҚИНГ:   Spiralning zarari bormi?

Bepushtlikka olib keluvchi immunologik omilning yana bir turi – ayol organizmi immun tizimi o‘zining tuxum hujayralariga qarshi antitelo ishlab chiqaradi. Buning davosi ham barcha autoimmun kasalliklardagi kabi olib boriladi.

Bepushtlikning endokrin omili

Gormonal disbalansda hayz siklining buzilishi yoki umuman bo‘lmasligi kelib chiqadi. Endokrin tizimi kamchiliklariga esa quyidagilar sabab bo‘ladi:

  • Gipotolamo-gipofizar sohadagi o‘smalar, bosh miya jarohatlari;
  • Androgen gormonlarning esterogen gormonlar ustidan “hukmronligi”, tuxumdon yoki buyrak usti bezi jarohatlarida, polikistozlarida kelib chiqadi;
  • Qalqonsimon bez funksiyasining pasayishi (gipoterioz) – hayz sikli buzilishiga ta’sir qiladi;
  • Esterogen gormoni yetishmasligi, hayz sikli va jinsiy a’zolar shilliq qavatiga ta’sir qiladi;
  • Yog‘ almashinuvining buzilishi, ularning ko‘p yoki oz to‘planishi natijasida tuxumdon funksiyasining izdan chiqishi;
  • Erta boshlangan klimaks hisobiga kelib chiqqan gormonal o‘zgarishalar;
  • Tug‘ma endokrin anomaliyalari, jinsiy a’zolar to‘liq shakllanmasligiga olib keladi.

Bepushtlikning psixologik omili

Stress – tashqi muhit omiliga bo‘lgan organizmning umumiy ta’sirlanishidir. Stressga olib keluvchi sabablar individual bo‘lib, ular quyidagilar kirishi mumkin:

  • Salbiy axborotning ko‘pligi;
  • Muntazam emotsional zo‘riqishlar;
  • Organizmning fiziologik yoki patofiziologik reaksiyalari.

Surunkali stress olish natijasida organizmning himoya moslashuvchanligi pasayib ketadi. Bioregulyativ funksiya (vegetativ nerv tizimi, buyrak usti bezlari, gipofiz gormonlari) buzilib, organizm adaptatsion mexanizmi ishdan chiqadi. Buning natijasida gormonal almashinuv buzilib, ayollar bepushtlik dardiga duchor bo‘lishadi.

Psixologik omildan qutulish uchun

Stress faktorlarga boshqa taraflama yondashish. Jismoniy tarbiya, hobbilar, dam olish, ijobiy emotsiyalar va ruhiy tarbiyalar yordamida gormonal disbalanslarni to‘g‘rilash;

Malakali psixolog tavsiyalarini olish ham stressdan qutulishga yordam beradi.

Ayollar bepushtligiga sabab

Bepushtlikning genetik omili

  • Ayollarda bepushtlikka olib keluvchi omillar kam o‘rganilgan, ularga quyidagilar kiradi:
  • Giperandrogen sindromi (ayollarda erkaklik gormoni ko‘pligi);
  • Endometrioz (bachadon shilliq qavati qalinlashishi);
  • Erta keladigan klimaks yoshi;
  • Birlamchi amenoreya sindromi (Shershevskiy-Terner sindromi).

Bunday omillarni bartaraf etish ancha mushkul.

Bepushtlikni davolash

Mutaxassislar tuxum hujayraning urug‘lanishi uchun eng qulay davr hayz siklining 11 kunidan 18 kunigacha bo‘lgan vaqt hisoblanadi. Ushbu kunlarda erkak spermasi kamida ikki marta ayol jinsiy a’zolariga tushsa, maksimal hisoblanib homilador bo‘lish darajasi yuqori bo‘ladi. Jinsiy aloqadan keyin ayol kishi darhol dush qabul qilmasligi kerak, o‘z joyida 10-15 daqiqa yotishi va tizzalarini bukib olishi zarur.

Agar shunday usullar bilan homiladorlikka erisha olmasalar, erkak kishi va ayol kishi maxsus davo choralari olishlari kerak. Shunda ham homiladorlik kuzatilmasa, EKO (bachadondan tashqari urug‘lanish) o‘tkazish mumkin.

Har bir ayol farzand ko‘rish umidida bo‘ladi, agar ayol kishi homilador bo‘la olmayotgan bo‘lsa, tushkunlikka tushmaslik va yaxshi niyat bilan davolanishi va ishonishi kerak!

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Аъзо бўлиш

Бош саҳифа » Reproduktologiya » Ayollarda bepushtlik – sabablari, belgilari va davolash usullari

loading...

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.