Ayol kishining gormonal statusi – qondagi gormonal darajasining tadqiqoti ushbu holatlarda tavsiya qilinadi: hayz sikli o‘zgarganda, bepushtlik, girsutizm (erkaklar kabi junlanish), ortiqcha vazn, husnbuzar toshmasi, peroral kontratseptiv qo‘llanganda.
Ayol kishining gormonal statusini o‘rganmoq uchun asosiy ko‘rsatkichlar – lyuteinlashtiradigan gormon (LG), follikulostimulashtiradigan gormon (FSG), prolaktin, testosteron, estradiol va degidroepiandrosteron-sulfat (DGEA-sulfat).
Lyuteinlashtiradigan gormon
LG (lyuteinlashtiradigan gormon) – gipofizda (bosh miyasining asosida joylashgan endokrin bezi) tashkil topadi.
LG ayollarda ovulyatsiya jarayonida va tuxumdonlarda ayol jinsiy gormonlar ishlab chiqishida ishtirok etadi. LG darajasi hayz siklning o‘rtasigacha (ovulyatsiya payti) past bo‘ladi, uning konsentratsiyasi bir necha marotabaga ko‘payadi. Ovulyatsiya LG konsentratsiyasi maksimal darajada chiqqanidan keyingi bir sutka davomida bo‘ladi. LGning ko‘payishi menopauzada ham kuzatiladi (tug‘ish yoshigacha nisbatan 2-10 marotabagacha ko‘p).
Follikulostimullashtiradigan gormon
FSG (follikulostimullashtiradigan gormon) – gipofiz orqali ishlab chiqariladigan gormon. Ayollar organizmida FSG tuxumdon urug‘ hujayralarining o‘sishida ishtirok etadi va ayollar jinsiy gormonlarning (estrogen) chiqishini kuchaytiradi. FSGning eng katta konsentratsiyasi hayz siklining o‘rtasida, ovulyatsiya paytida va menopauzada kuzatiladi. Tuxumdon disfunksiyasida qondagi FSG darajasini bilib olib, gormonal buzilishni sababini o‘rganish mumkin. Qonda FSG konsentratsiyasi kamaygani – gipotalamus va gipofiz funksiyalari buzilganidan darak beradi. FSG konsentratsiyasi ko‘paygani esa – tuxumdon patalogiyasidan darak beradi.
Prolaktin gormoni
Prolaktin– gipofiz orqali kelib chiqadigan gormon. Bezlarning normal holda rivojlanishi uchun javob berib, laktatsiya jarayoniniga mas’ul. Erkaklar va homilador bo‘lmagan ayolarda ushbu gormon kam miqdorda bo‘ladi. Uning konsentratsiyasi homilador va tug‘ib bo‘lgandan so‘ng to emizishni to‘xtatgan paytgacha ancha ko‘payadi. Qonda prolaktin konsentratsiyasi ko‘payishining yana bir sababi – gipofiz shishmasi (o‘simta) ishlab chiqaraddigan prolaktin – prolaktinomadir. Ko‘p hollarda bu ayollarda tez-tez uchrab turadigan xavfsiz (yaxshi) o‘simta. Agar prolaktinomani davolanmasa u borgan sari kattalashib, bosh og‘riq va ko‘rish qobiliyati pasayishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, kattalashgan o‘simta boshqa gormonlarning kelib chiqishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, bepushtlikka olib kelishi mumkin.
Testosteron gormoni
Testosteron – asosiy erkak jinsiy gormonidir. U jinsiy funksiya va ikkilamchi jinsiy xususiyatlarining tuzilishiga javob beradi. Ayol organizmida ushbu gormon buyrak usti bezlari va kam miqdorda tuxumdon orqali ishlab chiqariladi. Odatda ayollarda bu gormon konsentratsiyasi juda oz.
Uning konsentratsiyasining ko‘payishi quyidagilarni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi:
- ikkilamchi jinsiy belgilar paydo bo‘lishi;
- girsutizm (erkak kabi junlanish);
- ovoz qo‘pol bo‘lishi;
- klitorni kattalashishi;
- husnbuzarlar paydo bo‘lishi;
- mushak vazni ko‘tarilishi.
Bundan tashqari, ayollarda testosteron darajasining ko‘tarilishi hayz siklining o‘zgarishi va bepushtlikni sababi bo‘lish mumkin. Qonda testosteron ko‘payishining boshqa sabablari tuxumdon yoki buyrak usti o‘smalari, gormonni ishlab chiqaradigan va tuxumdonlarning polikistoz sindromi (tuxumdonlarning kattalashishi va ularning ichida kistalarning ko‘p miqdorda shakllanishi).
Estradiol gormoni
Estradiol – ayol jinsiy gormon, u tuxumdonlarda, yo‘ldoshda va buyrak usti korteksida ishlab chiqariladi. Ayol jinsiy sistemasini to‘g‘ri shakllanishida va funksiyasida ishtirok etadi. Bu bilan birga ikkilamchi ayol jinsiy belgilari rivojlanishiga va hayz siklining to‘gri, regulyar bo‘lishiga mas’ul. Estradiol darajasining ko‘payishi hayz siklning o‘rtasida, ovulyatsiya paytida bo‘ladi (ayni shu paytda FSG va LG ko‘payadi). Qonda estradiol tarkibi normada bo‘lishi – ovulyatsiya, urug‘lanish va homiladorlikka olib keladi.
Degidroepiandrosteron sulfat
Degidroepiandrosteron sulfat (DEA-So4) – erkak jinsiy gormon (androgen), ustki buyrak korteksi orqali ishlab chiqariladi. U ham erkak, ham ayollarning qonida bor. Jinsiy yetuklik davomida ikkilamchi erkak jinsiy belgilari rivojlanishida ishtirok etadi. U sust androgen deb hisoblanadi, lekin metabolizm jarayonida organizmda kuchliroq androgenga aylanadi – testosteron va androstendion, ularning tarkibi ko‘payganida girsutizm (erkak tipi kabi junlanib) va virilizatsiya (ikkilamchi erkak jinsiy belgilar paydo bo‘lishi) olib keladi.
Degidroepiandrosteron ayollarda androgen manbaini aniqlashda ishlatiladi. Tuxumdonlarda DEA So4 kelib chiqishi kuzatilmagani uchun, bu gormon darajasi ko‘payishi ustki buyrak orqali androgenlarni yuqori ishlab chiqishi va bu bilan bog‘liq kasallar (androgen ishlab chiqadigan ustki buyrak o‘smalari va giperplaziya va hokazo) kelib chiqadi.
Manba: Fertility Connested