Соғлом оила - соғлом келажак

Toksikoz – homiladorlik muammosi

Homiladorlikning ilk kunlarida ayol o‘zini yomon his etishi me’yoriy holat. Faqat yoqimsiz holatning darajasi har xil bo‘ladi. Ayrim ayollarning faqat ertalab, uyqudan turgan paytlarida ko‘ngli aynisa, boshqalarida bu holat kun bo‘yi davom etadi.

Homiladorlikning ilk bosqichida toksikoz boshlanishi ayolning nafaqat turmush tarziga, balki ham jismoniy, ham ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

toksikoz

Agar bu holat homilador ayolning ishida qiyinchilik tug‘dirayotgan, atrofdagilar bilan munosabatga kirishishiga xalal berayotgan yoki ayol bola tarbiyasida qiynalayotgan bo‘lsa, albatta, kun tartibini o‘zgartirishi lozim.

Qachon shifokorga uchrashish kerak?

Shifokor bilan maslahatlashish qancha erta amalga oshirilsa, homilador ayol uchun ham, uning dunyoga keltirmoqchi bo‘layotgan bolasiga ham shuncha yaxshi. Chunki toksikozni vaqt o‘tishi bilan og‘irlashtirib yuborish mumkin. Shuning uchun ko‘ngil aynishi kundalik turmushingizning bir bo‘lagiga aylanishi bilan darhol shifokorga murojaat eting. Shunga qaramay, ko‘pchilik mutaxassislar faqat kuchli ko‘ngil aynishinigina davolash mumkin, deb hisoblaydilar. Chunki u ayol va uning homilasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois ko‘pchilik shifokorlar homilador ayolga umumiy ahvoli yaxshilanguniga qadar sabr qilishni maslahat berishadi. Qolaversa, ko‘pchilik ko‘ngil aynishini og‘ir holat deb qabul qilmaydi. Ammo o‘tkazilgan tadqiqot ba’zida toksikozning ayol hayotiga ta’sirini yetarlicha baholay olmasligini ko‘rsatdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayrim ayollar ko‘ngil aynishini qayt qilishdan ham og‘ir kechirishi mumkin ekan.

Agar qayt qilish kun davomida ko‘p marta takrorlansa va shuning oqibatida ayol ovqatlana olmasa hamda vazn yo‘qota boshlasa, darhol shifokorga murojaat etishi lozim. Chunki bunday holatda ayolda tashnalik boshlanishi mumkin. Homilaning ilk davrida davolanish toksikozni kuchayib ketmasdan bartaraf etadi.

Agar ayol homilador bo‘lishni rejalashtirayotgan bo‘lsa va bundan oldingi homiladorlik davrida og‘ir toksikozni boshdan kechirgan bo‘lsa, u holda oldindan davolanishi lozim. Bu yoqimsiz holatning oldini olishga yordam beradi.

Toksikoz holatini qanday yengillatish mumkin?

Ehtimol, allaqachon ko‘nglingiz aynishiga sabab bo‘luvchi oziq-ovqat va turli hidlarni rad etib bo‘lgandirsiz. Undan qutulish yoki hech bo‘lmaganda toksikozingizni yengillatish uchun quyidagilarga amal qilib ko‘ring:

Oz-oz va tez-tez

Oz-oz va tez-tez ovqatlaning. Och yurish ahvolingizni yomonlashtiradi. Qoningiz tarkibida qand miqdori me’yorida bo‘lishini nazorat qilib turing va kun davomida yengil tamaddi qilishga odatlaning.

Nima xohlaysiz?

Nimani xohlasangiz, shuni yeng. Ammo yog‘li, o‘tkir, nordon va qovurilgan taomlardan uzoqroq yuring. Yogurt kabi oqsil va V vitaminlariga boy mahsulotlar iste’mol qiling.

Ertalab pechene yeng

Yotog‘ingizdagi tumbaga birorta yengil hazm bo‘ladigan yegulik, masalan, oddiy pechene solib qo‘ying. Ertalab turganingizda undan bir juftini yeng va biroz yoting.

Kundalik tuting

Unga o‘zingizni yomon his etadigan va ahvolingiz yaxshilanadigan vaqtni yozib boring. Bu qachon ko‘nglingiz aynimay ovqatlanish mumkin bo‘lgan vaqtni aniqlash imkonini beradi.

Suyuqlik ko‘nglingizni aynitsa…

Agar suyuqlikdan ahvolingiz yomonlashsa, yegulik o‘rtasida iching va imkoni boricha ichimlikni cheklashga harakat qiling. Ammo, albatta, muntazam suyuqlik ichishingiz lozim. Agar suyuqlik ko‘nglingizni aynitsa, muz bo‘lagini so‘rishingiz mumkin.

Imkoni boricha ko‘proq dam oling

Zaruriyat tug‘ilsa, mehnat ta’tiliga chiqing. Stress va charchoq toksikoz alomatlarini kuchaytiradi.

Limon hidlab ko‘ring

Kesilgan limon ko‘ngil aynishini yo‘qotadi. Mineral suv yoki sovuq choyga bir bo‘lak limon solib ichishingiz mumkin.

Zanjabilli choy

Zanjabilning maydalangan ildizidan choy damlab iching. Ma’lumki, zanjabil oshqozon faoliyatini me’yorlashiradi va ko‘ngil aynishini yo‘qotadi. Shunga qaramay, uni juda kam dozada, juda ehtiyot bo‘lib iste’mol qilish kerak. Chunki u hammaga ham yordam beravermaydi.

B 6 vitami yoki homiladorlar uchun polivitaminlar

B 6 vitamin yoki homiladorlar uchun polivitaminlar toksikozni kamaytirishi mumkin. Agar homilador bo‘lish davrida polivitaminlar qabul qilishni boshlasangiz, toksikoz og‘ir asoratlarsiz o‘tadi. Polivitamin qabul qilishdan oldin shifokoringiz bilan maslahatlashing.

Sovigan taomlar afzalroq

Taom tayyorlayotganda undan taralayotgan ifor ko‘ngil aynishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu paytda sovuq taomlar iste’mol qilib turgan ma’qul.

Muolaja qilishning tabiiy yo‘li

Muolaja qilishning tabiiy yo‘li — aromaterapiya (laym, limon yoki boshqa sitrus mevalar moyi) yoki gomeopatiya yordam beradi. Ammo ularni qo‘llashdan oldin ilgari homilador ayollar bilan ishlagan malakali shifokor bilan maslahatlashing.

Qanday tibbiy vositalar yordam beradi?

Ko‘p hollarda ayollar o‘zlaricha qo‘llagan usullar yordam bermagandagina dori-darmon tomon shoshishadi. Ko‘pchilik homiladorlik vaqtida dori vositalarini qabul qilishdan bosh tortadi. Ehtimol, bolaga zarar bo‘lmasligi uchun shunday yo‘l tutarsiz. Ammo shuni unutmangki, homilaga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan dori vositalari mavjud. Bunday dori-darmonlarni homila 12-14 haftalik bo‘lib, toksikoz bo‘shashgan paytda qabul qilishni to‘xtatish mumkin.

Ehtimol, siz bilmassiz, toksikozga qarshi dori vositasi 1950 yilning oxirida homilador ayollarga xuddi uyqu dori kabi faol tavsiya etilgan. Ammo u bolada yetishmovchilikni rivojlantirib yuborgani sababli bekor qilingan. O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida ayni paytda toksikozdan qutqaruvchi yoki uni oz bo‘lsada yengillatish xususiyatiga ega yagona vosita B6 vitaminidir.

B6 vitamini

Kuchli toksikozdan aziyat chekadigan ayollar organizmida B6 vitamini taqchilligi aniqlangan. Bu vitamin ko‘ngil aynishini yengillatishda samarali vosita bo‘lib, salbiy ta’siri yo‘q. Uni dorixonalardan reseptsiz olish mumkin bo‘lsa ham, shifokor tavsiyasisiz iste’mol qilish yaramaydi. Chunki homilador ayollarga bu vitaminning kunlik dozasi kuniga 3-4 mahal 10-25 mg ni tashkil qiladi. Ammo ayrim dori tabletkalarida uning miqdori yuqori bo‘ladi. Shu bois faqat shifokor maslahati bilan qabul qilish tavsiya etiladi. Qolaversa, tadqiqotlarda hali katta dozada qabul qilingan B6 vitaminining ta’siri o‘rganilmagan.

Sifatli polivitaminlar ham homilador ayol toksikozini birmuncha yengillashtiradi. Ammo yodingizda bo‘lsin, homiladorlik davrida vitamin va minerallar ham tibbiy muolaja sanaladi. Shuning uchun ularni shifokor nazoratisiz qabul qilish umuman mumkin emas!

Toksikozning ilk davri yengil, o‘rtacha va og‘ir kabi turlarga bo‘linadi.

Og‘ir turi (kuniga 6-12 martagacha qayt qilish) da statsionar muolaja va infuzion terapiya (organizmda yo‘qotilgan vitamin va minerallar o‘rnini to‘ldirish) tavsiya etiladi, shuningdek, intoksikatsiya darajasi pasaytiriladi. Ayrim hollardagina homila olib tashlanishi mumkin.

Manba: «Yetti mo‘jiza» xazinasidan.

Мақола сизга ёқдими? Ундай бўлса, баҳоланг!
1 баҳо2 баҳо3 баҳо4 баҳо5 баҳо

Loading...

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Аъзо бўлиш
loading...

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *