Соғлом оила - соғлом келажак

Orttirilgan dard – xlamidioz. Bu qanchalik xavfli?

– Yigitchilik, deb suyuqoyoq ayollarga ilakishib qolganimdan qattiq afsusdaman… Yaqindan tibbiy tekshiruvdan o‘tdim, xlamidioz degan dardni orttirib olibman. Ayting-chi, bu qanday kasallik, asoratlari og‘ir emasmi?

Marat TURSUNOV, shifokor:

– Nopok yo‘l, betartib jinsiy aloqaning oqibati ana shunday noxush bo‘ladi. Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar soni yigirmaga yaqin. Muqarrar o‘limga olib boruvchi OIV (VICH) ham zino orqali o‘tishi mumkin.

Siz so‘ragan xlamidioz eng ko‘p uchraydigan tanosil kasalliklari sirasiga kiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili 90 millionga yaqin odam xlamidiozga chalinar ekan. Kasallikning taxminan 40 foiz hollarida bemorga xlamidioz bilan bir qatorda so‘zak va trixomoniaz tashxislari ham qo‘yiladi.

Kasallikka xlamidiyalar, deb ataluvchi parazitlar sabab bo‘ladi. Ular siydik yo‘liga o‘tib, ko‘payishga kirishadi va hujayralarning me’yorida ishlashiga to‘sqinlik qiladi. Odatda kasallik ko‘z shilliq pardasi yallig‘lanishi (kon’yuktivit), zotiljam, oshqozon, ichaklarning yallig‘lanishi tarzida ifodalanadi. Ko‘z shilliq pardasining uzoq muddat yallig‘lanishi, bu a’zoda chandiq o‘choqlari paydo bo‘lishiga va hattoki ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Homilador ayollarning 5-14 foizida bachadon bo‘ynining xlamidiyalar bilan zararlanganligi tug‘ruq vaqtida chaqaloqlarga katta xavf tug‘dirishi aniqlangan. Erkaklarda xlamidiyalar siydik chiqaruv kanali, moyaklar va uning ortiqlari, prostata bezi kabi a’zolarni shikastlashi, prostatit, vezikulit, bepushlikka olib kelishi ko‘p kuzatiladi. Ayollarda esa qin, bachadon, uning bo‘yni, naylari kabi a’zolar shikastlanadi. Xlamidiyalar fallopiy naylarining o‘tkazuvchanligini keskin buzishi sababli goho ayollar bepusht bo‘lib qolishadi. Xlamidiozga chalingan homilador ayolda homila bachadondayoq kasallik yuqtirishi, bola nogiron yoki o‘lik tug‘ilishi mumkin.

Xlamidiozning yashirin turi ko‘proq uchrashi bois aksar bemorlar o‘zlarida bunday dard borligidan bexabar yurishadi. Kasallik yuqtirilgandan 20-30 kun o‘tib, ilk belgilari ko‘rinishi mumkin. Siydik yo‘lida noxush hissiyot, achishish va qichishish kuzatiladi. Siydik teshigi bir oz qizarib, oz miqdorda shilimshiq ajralishi, siyganda og‘riq sezilishi mumkin. Ayollarda bachadon bo‘yni va kanali yallig‘lanadi.

Kuchli antibiotiklarning ko‘pchiligi xlamidiyani yo‘qotish xususiyatiga ega emasligini nazarda tutib, bu dard shifokor nazorati ostida maxsus davo talab etuvchi xastalik ekanini esda saqlang.

Manba: Darakchi.uz

Мақола сизга ёқдими? Ундай бўлса, баҳоланг!
1 баҳо2 баҳо3 баҳо4 баҳо5 баҳо

Loading...

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Аъзо бўлиш
loading...

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *